Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda 1-yanvardan yoʻlkira toʻlovlarini naqd shaklda toʻlash toʻxtatildi. Buning ortidan transport yoki bank kartasi boʻlmagan yoʻlovchilarning bir martalik chiptalarga ehtiyoji ortadi.
Xoʻsh, poytaxtda bunday chiptalarni sotadigan shoxobchalar yetarlimi? Chiptasiz yoʻlovchilar jarimaga tortiladimi?
Shu kabi savollar bilan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi masʼuliga yuzlandik.
– Poytaxtimizda 1-yanvardan avtobuslarda naqd pul orqali toʻlovlar qabul qilinmaydi, – deydi Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Allayor Norboʻtayev. – Chiptachilardan voz kechiladi. Yoʻlkira uchun toʻlovlarni naqd toʻlash amaliyoti bekor qilinishi ortidan chiptachilar faoliyatidan voz kechiladi. Chiptachilar bilan shartnomalarni bekor qilish mehnat qonunchiligi asosida amalga oshiriladi, ularga dastlab bu borada ogohlantirish xatlari berilgan. Bugungi kunda poytaxtimizda 2644 ta avtobekat boʻlsa, ular atrofiga 5500 ta QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar oʻrnatilgan. Ayni damda poytaxtdagi mavjud boʻlmagan bekatlarga infokiosklarni integratsiya qilish ishlari ketmoqda. Agar siz naqd pul orqali toʻlov qilmoqchi boʻlsangiz, QR-chiptani xarid qilish uchun toʻlov infokiosklaridan foydalanishingiz mumkin. Bir martalik toʻlov uchun QR-chipta olsangiz yoʻl haqi 3000 soʻm, “ATTO” kartasi yoki mobil ilova orqali toʻlashda 1700 soʻmni tashkil etmoqda. Bir martalik QR-chiptadan foydalanish uchun avtobus bekatlarida QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar oʻrnatilgan.
Shu oʻrinda aytish joiz, olgan bir martalik chiptangizga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishingiz kerak. Chiptani tekshirish uchun qatnov oxirigacha saqlash lozim. Barcha “ATTO” kartalarida oʻtish tariflari amal qiladi.
– Chiptasiz yoʻlovchilar jarimaga tortiladimi?
– Agar yoʻlovchi yoʻl haqini naqd koʻrinishda qabul qiladigan boʻlsa, haydovchi qabul qilmasligi kerak, – deydi Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy boʻlimi inspektori Salimjon Nishonboyev. – Vaziyat Transport inspeksiyasining hududiy inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi. Birinchi safar ogohlantirish beriladi. Chiptasiz yoʻlovchilar jarimaga tortiladi.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha avtobuslarga nazorat kameralari oʻrnatilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OutrQOkg83s" title="Endilikda yo‘l haqini naqd pul ko‘rinishida bergan yo‘lovchi jarimaga tortiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA