Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ”Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan buyuk adib va mutafakkir olim Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodi bilan bog‘liq chop etilgan maqolalar, fotosuratlar, rasmiy va arxiv materiallari va ularga berilgan sharhlar asosida tayyorlangan “Ikki elning aziz farzandi” nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda “Ulug‘bek” jamg‘armasi rahbariyati va xodimlari, xorijiy mamlakatlar diplomatik korpusi vakillari, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi, vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari xodimlari, Milliy madaniy markazlar faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davr suhbatida Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib borgani xususida so‘z yuritildi.

Adibning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Darhaqiqat, xalqimiz Chingiz Aytmatovning asarlarini o‘zgacha mehr va qiziqish bilan o‘qiydi. Chunki ulug‘ adibning yurtimizga, xalqimizga bo‘lgan muhabbati, hurmati cheksiz va buyuk edi.
“Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi Oqil Salimov “Chingiz Aytmatov teran va ma’rifat ta ziyraklik bilan tahlil qilish salohiyatiga ega bo‘lgan donishmand, o‘tkir zehnli, kuzatuvchan faylasuf, odamlarning dilidagi nozik yashirin fazilatlarini biluvchi inson bo‘lganini ta’kidladi.

– Uning yozuvchi sifatidagi iste’dodi butun sayyorani qamrab olgan ijtimoiy to‘ntarishlarni va ularni yengish uchun odamlarning mas’uliyatini ko‘rsatib berganidadir, – dedi Oqil Salimov. – Adibning asarlari olamning asl mohiyatini ildizigacha ochib berdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov boy ijodiy merosi nafaqat qirg‘iz eli, balki butun turkiy tilli mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham muhim ma’no va ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Chingiz Aytmatov xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy do‘stlik va ma’naviy birlikni yanada mustahkamlash, mushtarak boy an’anaviy merosini avaylab-asrashga, adabiyot, san’at, ilm-fan sohasida erishgan yutuqlarini dunyoga tanitish, bu sohada yangi imkoniyatlarni izlab topish va targ‘ibot ishlarini takomillashtirish maqsadida Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi xalqaro jamoatchilik harakatining rahbarlaridan biri bo‘lgan edi, – dedi Rustambek Qurbonov. – O‘zbekistonning qadrdon do‘sti bo‘lgan betakror ijodkorning xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, Chingiz Aytmatov “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan edi.

Anjumanda Chingiz Aytmatovning faoliyati, betakror ijodi, asarlarining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Tadbir davomida Qirg‘iziston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Respublika qirg‘iz madaniyat markazi rahbari Rahmatilla Jabborov va boshqalar Chingiz Aytmatovning o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st va ijodiy hamkor bo‘lgani yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasi ekanini e’tirof etdi.
Taqdimot tadbiri ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, O‘zA