O‘zbekiston xalq artisti Otajon Xudoyshukurov o‘zining betakror ovozi, ijro uslubi, tomoshabinlarga hurmati, san’atga bo‘lgan cheksiz muhabbati bilan milliy qo‘shiqchiligimizda obro‘ va e’tibor qozongan san’atkor edi.
Uning ijrosidagi “Jayhun shamollari”, “Katta suvora”, “Tabassum qil”, “Hilola dushmish”, “Savti suvora”, “Yuragim, uyg‘on”, “Xorazm Segohi”, “Mujgonlaring”, “Bilmasang”, “Samarqand ushshog‘i”, “Xabar yubordim”, “Bahorim” kabi qo‘shiqlari asl milliy musiqa ixlosmandlarining qalbidan chuqur o‘rin olgan. Otajon Xudoyshukurov hayot bo‘lganida bugun muborak 80 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.
Xalqimizning ardoqli san’atkori 1944 yil 4 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida tavallud topgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bolaligida musiqaga mehri baland Otajon tog‘asi Yo‘ldosh Olloshukurov bilan doira chertib, ashula aytishni o‘rganadi. Musiqa sirlarini astoydil egallashga kirishgan Otajon aka atoqli san’atkorlar Komiljon Otaniyozov, Nazir Qori, Jumanazar Bekjonov kabi musiqa darg‘alarining sadoqatli shogirdi sanaladi.
San’atkor 1963 yildan boshlab Qoraqalpoq davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Uning repertuaridan mumtoz ashulalar (“Feruz I-II”, “Xorazm Segohi”, “Bozurgoniy”, “Qo‘shchinor”, “Guluzorim”, “Kurd Eshvoyi”, “Samarqand ushshog‘i”, “Toshkent irog‘i”, va boshqalar), Xorazm doston noma(qo‘shiq)lari (“Najab o‘g‘lon” dostonidan “Kimni sevar yorisan”, “Bahrom va Gulandom” dostonidan “Ayriliq”, “Avazxon”dan “Qalandarim”, kompozitor va bastakorlar asarlari (“Ko‘zlaring sening”, “O‘zbekistonim”, “Ra’no bo‘layin, deb”, “Sog‘inib keldim” va boshqa musiqiy asarlar), shuningdek, turkman, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz xalq qo‘shiqlari o‘rin olgan.
Otajon Xudoyshukurov sozanda (torchi) va o‘zi ijro etgan “Mujgonlaring”, “Olamda bir”, “Birinchi muhabbatim” kabi 300 dan ortiq qo‘shiqlarning bastakori sifatida muxlislar mehrini qozongan edi.
Otajon Xudoyshukurov jozibali, chiroyli tembrli, keng, barcha pardalarda ravon va jarangdor ovoz sohibi edi. Uning ashulalaridagi shijoat, jo‘shqinlik, mazmuniy teranlik kabi xislatlar tinglovchilar qalbidan chuqur joy olgan.
San’atkor 1974 yilda Hamza nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, 1977 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, 1969 yilda “Qoraqalpog‘iston xalq artisti”, 1981 yilda “Tatariston xalq artisti”, 1993 yilda “Turkmaniston xalq artisti” unvonlariga sazovor bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, Otajon Xudoyshukurov 2021 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga munosib topilgan.
Musiqashunoslar, muxlislar fikricha, Otajon Xudoyshukurov o‘ta kamtar, samimiy, bolalardek beg‘ubor, barchaga hurmat bilan munosabatda bo‘luvchi, ustozlarga ulkan e’tiqodli inson edi. Otajon og‘aning nainki fonogramma, balki mikrofonsiz ham qo‘shiq kuylash salohiyatiga ega ekani uning betakror ovoz sohibi bo‘lganini yana bir bor anglatadi.
To‘y-xizmatlardan tushgan haqni kamtarroq hayot kechirgan xonadon sohiblariga tashlab, hadya qilib ketganini muxlislar hozirgacha minnatdorlik bilan eslaydilar.
U suvoralarni aytishda g‘oyat benazir ijro sohibi bo‘lgani ko‘pchilik musiqa ixlosmandlarining yodida saqlanib qolgan.
Mamlakatimizda 1999 yildan buyon Otajon Xudoyshukurov nomida yosh xonandalarning ijodiy tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Bu tanlov yurtimizga Soyibjon Niyozov, aka-uka G‘afur, G‘ulom Eshjonov, Rohila Ro‘zimova kabi san’atkorlarni tanitdi.
Ellikqal’a, To‘rtko‘ldagi ko‘cha, xiyobon, bog‘larga Otajon Xudoyshukurov nomi berilgan. Uning nomidagi san’at maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. To‘rtko‘lda xonanda yashagan xonadonda uning nomidagi muzey tashkil etilgan. Uning ijodi musiqa bilim dargohlarida o‘rganilmoqda.
Otajon akaning ijodi, insoniy fazilatlari haqida gap ketar ekan, bugungi kunda o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati vakillari, ayniqsa bir-ikki qo‘shiq bilan o‘zini “yulduz” sanovchi yosh ijrochilar hokisorlikda, samimiyatda, tomoshabinga hurmatda, o‘z ustida ishlashda, izlanishda, xalqimizning musiqiy merosini chuqur o‘rganishda, o‘ziga talabchanlikda, sahnaga, san’atga fidoyilikda Otajon Xudoyshukurovdan har qancha ibrat olsa arziydi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz!
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri