Chilonzorda saylovchilar faolligi sezildi
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 547-saylov uchastkasida ham saylov jarayoni nihoyasiga yetay deb qoldi.
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 547-saylov uchastkasida ham saylov jarayoni nihoyasiga yetay deb qoldi. Ikkita mahallani oʻz ichiga olgan mazkur saylov uchastkasida 40-Qatortol saylov okrugi ham joylashgan.
Ayni paytga kelib, bu yerda mavjud 1 ming 168 saylovchining aksariyati ovoz berish huquqidan foydalanib boʻldi. Saylov komissiyasi maʼlumotiga koʻra, 30 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berish jarayonida qatnashgan.
– Bu yilgi saylovchilar har qachongidan koʻra faol ekani koʻzga tashlandi, – deydi uy bekasi Shoira Aʼzamova. – Biz ham oila aʼzolarimiz bilan birga kelib, oʻzimiz maʼqul topgan nomzodlarga ovoz berdik. Toʻgʻrisini aytsam, saylovlar oldidan barcha partiyalar vakillari keng targʻibot-tashviqot ishlariga alohida ahamiyat bergani, deputatlikka nomzodlar dilidagi shijoat, tayyorgarlik jarayonidagi joʻshqinlik biz, saylovchilarni ham faollikka undadi. Menda, ayniqsa, nomzodlarning saylovoldi dasturlaridagi oliy taʼlim tizimini isloh qilish, sohani yanada rivojlantirish bilan bogʻliq rejalar katta qiziqish uygʻotdi. Sababi, farzandlarim ulgʻaymoqda. Kelajakda ular sifatli oliy taʼlim olib, yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlari tarafdoriman. Niyatimiz, aniq rejalar tuzib, xalq ishonchini qozonishga muvaffaq boʻladigan nomzodlarimiz shu koʻtarinki ruhda, shijoat bilan ishlashda davom etishsin.
547-saylov uchastkasiga kun davomida Norvegiya, Yaponiya, Germaniya, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan bir qator xalqaro kuzatuvchilar ham tashrif buyurdi. Ular saylov jarayonini kuzata turib, saylovchilar, jumladan nogironlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ovoz berish jarayonida yoshlarning faolligi, xotin-qizlarning ishtiroki singari jihatlar bilan qiziqishdi.