Chilla suvi yuqori hosil garovi
Yoz faslining hozirgi issiq kunlari mirishkor dehqonlar jaziramaga qaramay dalalarda mardonavor hosil yetishtirish bilan band.
Xususan, Toshkent viloyatida g‘alladan bo‘shagan maydonlarda ekinlarni parvarishlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga kirishilgan. Dehqonlar uchun bir kun ham g‘animat sanaladi.
Asosiy e’tibor chilla suvi bilan maydonlarni sug‘orishdir. Biroq suvning har qatrasi esa o‘lchovli va nazoratda. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan talablardan kelib chiqib, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari barcha tumanlarda nazorat tadbirlarini o‘tkazishda davom etmoqda. Joylarda suvdan shartnomasiz foydalanayotgan klaster hamda fermer xo‘jaliklariga nisbatan jarimalar qo‘llanilmoqda.
O‘z navbatida belgilangan talablarga rioya qilib, suvdan oqilona foydalanayotganlar ham anchagina. Bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalar viloyatdagi jami sug‘oriladigan maydonlarda joriy qilinmoqda. Bu orqali sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, O‘rta Chirchiq tumanida sug‘oriladigan yer maydon 25 ming 125 gektarni tashkil qiladi. Hudud fermerlari asosan paxta-g‘alladan tashqari sholi, soya, sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar parvarishlaydi.
[gallery-18472]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan rejaga asosan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joylarda ichki sug‘orish tarmoqlari nazoratga olingan bo‘lib, mavsum boshidan 123 km (101.2%) masofada betonlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar 2 ming 879 gektarda suv tejovchi tomchilatib, yomg‘irlatib va ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanilmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.