Paxta hosildorligining pastligiga bir qancha sabablar bor. Bular – yoz oylarida haroratning haddan ortiq ko‘tarilib ketishi, hosilning o‘z vaqtida sug‘orilmasligi, eski agrotexnologiyalarning qo‘llanilishi, sho‘rlanish darajasining yuqoriligi. Ayniqsa, suv tanqisligi jiddiy muammoga aylandi. Paxtani 4-5 marta sug‘orishdan tashqari sho‘r yuvishga juda ko‘p suv sarflanadi.
Bugungi kunda hududlarda chigit ekish ishlari qariyb nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, paxtadan yuqori hosil olib, samarali daromadni o‘ylagan fermer xo‘jaliklari tomonidan hozirda chigit ekilgan maydonlarning qator orasiga birinchi ishlov berish va boshqa agrotexnik tadbirlarga kirishildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilda 2024-yil paxta hosili uchun 1 million 12 ming 445 gektar maydonda chigit ekish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. “O‘zagroinspeksiya” tomonidan chigit ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi bo‘yicha nazorat tadbirlari boshlab yuborilgan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda chigit ekilgan maydonlarning 899 ming gektari yoki 89 foizida chigit unib chiqqan bo‘lib, shundan 121 ming gektar maydonda 25 foiz, 181 ming gektarda 50 foiz, 267 ming gektarida 75 foiz va 329 ming gektarda to‘liq, ya’ni 100 foiz nihollar unib chiqqan. Chigit unib chiqqan maydonlarning qator oralariga birinchi ishlov berish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida 19 ming 107 dona kultivator jalb qilinib, bugungacha 818 ming gektar yoki 81 foiz maydonlarda birinchi kultivatsiya ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, respublikada 249 ming maydonda yaganalash, 375 ming yoki 37 foiz maydonda chopiq qilish, 32 ming gektar maydonda chuqur yumshatish ishlari o‘tkazilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, qonunchilikka ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizgacha joylashtirishga istisno tariqasida ruxsat berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA