Chigirtkalarga qarshi qanday kurashish lozim?
Navoiy viloyati Navbahor tumanida “Viloyat favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmalari xizmatlarining zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Joriy yilda ko‘klamning ancha seryog‘in kelishi dalalarda o‘tlarning o‘tgan yillarga nisbatan ancha ko‘p bo‘lishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida zararkunanda hasharotlarning ham ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Ma’lumki, chigirtkalar chorvadorlarning eng ashaddiy dushmanlaridan biri bo‘lib, ular dala-dashtdagi barcha o‘t-o‘lanlarni bir zumda yeb bitirishadi. Shunday ekan, o‘simliklarni zararkunandalardan ishonchli himoya qilishni vaziyatning o‘zi kun tartibiga qo‘ymoqda. Ayniqsa, yaylov zararkunandalaridan o‘lgan chigirtkaga qarshi kurashish o‘z vaqtida amalga oshirilmas ekan, ularning bosqini har yili takrorlanishi bilan asoratlidir.
Mutaxassislarning fikricha, chigirtkalarga qarshi kurashishda, eng avvalo, ularni tuxum qo‘yish va tarqalishigacha bo‘lgan davrda yo‘q qilish samarali bo‘lib, ular tarqalishining oldini olishda barcha subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ya’ni yoppasiga yo‘q qilish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq.
[gallery-17312]
Viloyat hududida zararli chigirtkalarning doimiy o‘choqlari hisoblangan tumanlarda olib borilgan monitoring ishlari natijalari bo‘yicha kuzgi hamda bahorgi kuzatuvlar asosida to‘plangan tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, chigirtkalar joriy yilda 44 ming 800 gektarda maydonda tarqalishi bashorat qilingan. Ularga qarshi 39 ming 100 gektarda kimyoviy ishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda Xatirchi tumanida 915, Konimex tumanida esa 905 gektar maydonda ishlovlar o‘tkazildi.
– Asosan purkagichli traktorlar, texnikalar yurib bo‘lmaydigan hududlarda esa qo‘l apparatlari yordamida ishlov berish ishlari olib borish rejalashtirilgan, – deydi Navoiy viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati mutaxassisi Xolmurod Ziyoyev. – Oldimizga qo‘yilgan 39 ming gektardan ko‘proq maydonda ishlov berish choralari ko‘rilgan. Viloyatimiz hududiga chigirtkalarning Italiya prusi hamda Marokash chigirtkasi kabi turlari ko‘p zarar yetkazadi. Ular bir yoshidan boshlab uch-to‘rt yoshigacha chorva ozuqasini yeb bitirish xavfi mavjud. Bugungi kunda mutaxassislarimiz tomonidan 39 ming gektar maydonda kuzatuv ishlari olib borildi. Mana shu maydonlarda chigirtkalar tarqalish xavfi mavjudligi aniqlandi. Ularni o‘z vaqtida bartaraf etmasak, chigirtka o‘z vazniga nisbatan 300-400 barobar ko‘p miqdorda oziqlanishini hisobga olsak, katta maydonlarga zarar keltirishi mumkin.
Zararkunanda chigirtkalar tarqalishining oldini olish va o‘z vaqtida kimyoviy kurash ishlarini o‘tkazish maqsadida viloyatda 4 ta maxsus otryad tashkil etilgan bo‘lib, xizmat agronom nazoratchilari tomonidan yaylovlarda doimiy kuzatuv- nazorat ishlari olib borilmoqda.
O‘quv mashqida chigirtkalar ommaviy tarqalishining oldini olish tadbirlarida kimyoviy vositalardan foydalanishda xavfsizlik choralarini ko‘rish, yangi kimyoviy preparatlar va ularni ishlatish qo‘llanmalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/kWLY579d8Tk" title="Navoiy viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati mutaxassisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari