Chigirtkalar hamon odamlarni bezovta qilmoqda
Jurnalist surishtiruvi
Joriy yilning seryog‘in kelishi jamiki o‘simlik dunyosining baravj rivojlanishiga, balki ularning zararkunandalari uchun ham sharoit yaratdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun zararli hashorat hisoblangan chigirtkalar xavfi bahorning dastlabki kunlaridanoq barchaninng diqqat e’tiborini o‘ziga qaratgandi. Oradan biroz vaqt o‘tib, aniqrog‘i kunlar isiy boshlashi va olib borilgan kimyoviy ishlov natijasida mazkur mavzu bir muddat tilga olinmagandi. Ammo kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Qo‘shtegirmon qishlog‘iga yopirilgan chigirtkalar galasi haqidagi videotasvirlar ushbu mavzuga yana qaytishimizga sabab bo‘ldi.
Chigirtkalar galasini izlab fotomuxbir bilan o‘sha manzil sari otlandik. Qo‘shtegirmon qishlog‘i tumanning tog‘oldi mintaqasida joylashgan va aholining asosiy daromadi chorvachilik va bog‘dorchilikdan. Erta tongda qishloqqa yetib bordik. Xonadonlarni ko‘zdan kechirdik. Chigirtkalar bilan bog‘liq vaziyat rosti qishloq odamlarini xavotirga sola boshlaganiga guvoh bo‘ldik. Yo‘limizda uchragan ilk xonadonga kirarkanmiz, tabiatga mos ravishda tusini o‘zgartirgan zararkunandalar galasiga duch keldik. Uy egalarining so‘zlariga ko‘ra, bunday holat qishloqda birinchi bor kuzatilishi.
– Kuni kecha kunduzgi soat 12-1 lar atrofida hamma joyni chigirtkalar galasi qopladi, – deydi Mahfuza aya Axmedova. – Quyunday bo‘lib yopirilib keldi. Hovlimiz ham to‘ldi. Qo‘shnilarimizning palaklarigacha yeb ketdi. Ertasi kuni kamaydi. Nima qilishni, kimga murojaat qilishni ham bilmay qoldik. Ilgari hech qachon bunaqa holat bo‘lmagan qishlog‘imizda.
Uch- to‘rt kun avval quyundek yopirilgan chigirtka galasi aholi xonadonlariga oralarkan, odamlar avvaliga jiddiy xavotirga tushadi.
– Uyimiz qishloqning tepasida, qir adirlarga yondosh joyda joylashgan, – deydi Begim Meyliyev. – Chigirtkalar galasi dastlab bizning hovlini va unga yondosh hududlarni bosdi. Surishtirib karantin inspeksiyasining raqamlarini topdik va xabar qildik, kelib dorilashdi.
Yo‘l- yo‘riqni bilganlar mutaxassislarga bog‘lanib, holat xususida ma’lum qilisharkan, aksariyat odamlar zararkunandalarning uchib ketishidan umidvor bo‘ladi. Afsuski, shu vaziyatda mahalla mas’ullarining tegishli tushuntirishlar olib bormagani ular xavotiriga xavotir qo‘shadi. Hattoki, biz borgan kuni ham mahalla raisi boshchilik birorta mas’ulni topa olmadik. Mahalla raislarining tuman rahbari ham “U hududda chigirtka yo‘q, hammasi dorilab o‘ldirilgan” degan gapdan nariga o‘tmadi.
[gallery-18026]
– Bir hafta oldin chigirtkalar to‘dasi birdan yopirildi, nima qilishni ham, kimga murojaat qilishni ham bilmadik, keyin kartoshka qurtiga mo‘ljallangan dorini sepdik, – deydi Gulshod Boboqulova. – Juda ko‘p edi. Oyoq bosishga joy yo‘q edi. Lekin yarim soatda o‘tib ketdi. Qayoqqa ketdi, bilmaymiz. Shu yarim soatni ichida toklarimizni yeb ketdi. Haliyam dorilab, ko‘pini o‘ldirdik. Hozir kelgani boshqa, yuqoridan kelyapti.
Hududda bo‘larkan, zarurkunandalar galasi garchi xonadonlarga oralagan bo‘lsa-da, unchalik jiddiy zarar bermaydi. Buni esa mutaxassislar chigirtkalar o‘z umrini yashab bo‘lgani, ayni damda tabiiy nobud bo‘lish arafasida turgani bois, soya-salqinda jon saqlashga urinishi bilan izohladi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan lavha bo‘yicha ma’lumot beradigan bo‘lsak, pastki qishloqqa haqiqatdan ham chigirtkaning kichik to‘dasi uchib borgan, – deydi Qashqadaryo viloyat chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati bosh agronomi Mahmud Xushmurodov. – Bitta xonadon egasi bizga murojaat qildi. Kimyoviy ishlov o‘tkazilib xavf bartaraf etildi. Aslida marokash chigirtkasi umri davomida 65 kundan 80 kungacha yashaydi. Viloyatimizda unga qarshi joriy yilning 20 mart sanasidan boshlab kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi boshlangan. Hozirgi kunga kelib marokash chigirtkasining umri tugab boryapti. Tabiiy nobud bo‘lish jarayonlari boshlanmoqda. Shunday bo‘lsa ham biz kelgusi yilda yanada ko‘payib ketmasligi uchun tog‘li hududlarga kelib kuzatuv ishlarini o‘tkazib, kichik to‘dalarni topib darhol kimyoviy ishlovlarni o‘tkazyapmiz. Xavotirga o‘rin yo‘q, hozirgi bosqichda ular ekinlarga katta talofat yetkazmaydi. Har tomonga uchib o‘zidan urug‘ qoldirib, nobud bo‘laveradi. Aholi tomorqalariga oralashiga ham sabab shu. Chigirtka to‘dalari soya joy izlab borib qolgan. Hududlar to‘liq nazoratga olingan.
Mutaxassislar ayni damda hududda kimyovish ishlov berish choralarini ko‘rmoqda. Asosiy e’tibor zararkunandalarning urug‘ qo‘yishi mumkin bo‘lgan nuqtalariga qaratilgan bo‘lib, avvalambor ularning kelish yo‘nalishini aniqlash eng muhim masala, deydi mutaxassislar.
– Viloyatimiz hududlarida 115 ming gektar maydonda zararli chigirtkalarga qarshi kurash ishlari bashorat qilingan. Hozirgi kunga kelib viloyatimiz bo‘yicha 105 ming 756 gektar maydonda zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlov jarayoni o‘tkazilgan, – deydi M.Xushmurodov. – Xususan, G‘uzor, Dehqonobod, Nishon, Chiroqchi, Kitob, Yakkabog‘, Qamashi tumanlarida. Bugungi kunga kelib G‘uzor va Dehqonobod, Chiroqchi, Nishon, Kitob, Qamashi tumanlarida kimyoviy ishlov jarayonlari to‘liq yakunlangan. Barcha hududlarda kuzatuv ishlari o‘tkazyapmiz. Hozir Yakkabog‘ tumanining Qo‘shtegirmon, Qishliq, Qoratut hududlarida ham kuzatuv ishlari olib borilmoqda. Qo‘shtegirmon hududida zararli chigirtkalarning kichik-kichik to‘dalari aniqlandi va o‘sha hududga darhol kimyoviy ishlov berilmoqda. Ikkita maxsus pikab “Isuzu” avtomashinasi jalb qilingan. Topilgan kichik to‘dalarga kimyoviy ishlovlar o‘tkazilmoqda.
Yashillik kushandasi bo‘lgan bu zararkunandalarning vaqtida aniqlangani ular keyingi yilda ham biror talofat yetkazishining oldi olinishiga xizmat qiladi. Shunday bo‘lsa-da, bu borada hushyorlikni yo‘qotmaslik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talofatlarning bartaraf etilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari