Chexiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yana yomonlashdi. Shu sababli 1 martdan boshlab mamlakatda aholi harakati vaqtinchalik to‘xtatiladi. Bu haqda Chexiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Yan Gamachek ma’lum qildi.
"Biz dushanbadan boshlab fuqarolarning o‘zlari yashab turgan tumanni tark etishini taqiqlashga qaror qildik. Ushbu tartib uch hafta davom etadi. Faqat ishga qatnash, yaqinlariga yordam berish, davlat muassasalariga borish va vrachga ko‘rinish bundan mustasno", dedi vazir.
Yashab turgan tumanni tark etish uchun, bu ishning juda zarurligini tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsatish kerak bo‘ladi, masalan ish joiyidan ma’lumotnoma, deyiladi Chexiya ichki ishlar vazirligi saytida berilgan xabarda.
Bundan tashqari, fuqarolar zarur ishi bo‘lsa, bu haqda maxsus blankada ariza yozishi mumkin.
Chexiyada shuningdek, bir tumanda, lekin boshqa-boshqa joylarda yashaydigan qarindoshlarning uchrashuvi ham uch hafta muddatga ta’qiqlandi.