Chexiyada avtomobillarga Oʻzbekiston yorliqlari oʻrnatildi
Praga shahrida taksi xizmati koʻrsatuvchi hamda oʻz shaxsiy avtomashinalari mavjud vatandoshlarimiz Oʻzbekistonning turizm brendi va aloqa maʼlumotlari tushirilgan yorliqlarni avtomashinalariga oʻrnatdi.
Praga shahrida taksi xizmati koʻrsatuvchi hamda oʻz shaxsiy avtomashinalari mavjud vatandoshlarimiz Oʻzbekistonning turizm brendi va aloqa maʼlumotlari tushirilgan yorliqlarni avtomashinalariga oʻrnatdi.
Hozirgi kunga qadar ellikdan ortiq avtomashinalarga bu kabi targʻibot materiallari joylashtirilib, taksi xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi vatandoshlarimiz mijozlarga Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlarini targʻib qiluvchi tarqatma materiallar taqdim etilmoqda.
Chexiyadagi vatandoshlarimiz Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish borasida yana bir qator taklif bermoqda.
– Chexiyada transport sohasida, jumladan taksi xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanaman, – deydi tadbirkor Jonibek Toirov.– Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish boʻyicha taklif bildirishganda imkoniyatlarimizni oʻrganib chiqdik. Targʻibot ishlarimiz orqali Vatanimizga foydamiz tegsa xursand boʻlamiz.
– Chexiyada tahsil olmoqdaman, – deydi Davlatshoh Sulaymonov. – Shaxsiy avtomashinamga Oʻzbekistonning turizm brendi tushirilgan yorliqlarni yopishtirib oʻzimda alohida gʻurur tuydim. Oʻqishda kursdoshlarimiz va professor-oʻqituvchilarga targʻibot materiallarini tarqatyapmiz. Ular menga Oʻzbekiston haqida juda koʻp savollar beradi. Imkon boricha koʻproq maʼlumot berishga harakat qilyapman. Chexiyaga vizasiz rejim joriy etilganligi ularni juda xursand qilmoqda.