O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida Chexiya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda delegatsiya tarkibidagi Chexiya Respublikasining agrar sanoati yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 20 ortiq tashkilot rahbarlari bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlik hamda yangi loyihalarni ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.
Chexiyada ishlab chiqarilgan robot traktor va mini traktorlar, nasldor chorva, echkilar, parrandalar va inkubatsion tuxumlarni O‘zbekistonga olib kelish choralari xususida ham so‘z yuritildi. Shuningdek, Chexiyada tashkil etiladigan Xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan agrar soha vakillari o‘zlari yetishtirgan mahsulotlar bilan ishtirok etishi mumkin.

Kengash huzuridagi ilmiy markazlarda Chexiyalik qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirokida o‘quv (konsalting) kurslarini o‘tkazish, o‘quv kurslari yakunida ularga beriladigan sertifikatlar yordamida Chexiyada qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash loyihalari muhokama qilindi. Negaki Chexiyada qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislariga ehtiyoj yuqori.
– Hamkorlikda hududlardagi agar soha vakillari uchun fermer xo‘jaliklarida doimiy faoliyat yurituvchi amaliy-o‘quv maskanlari tashkil etiladi, – deydi “Axborot - innovatsiya markazi” direktori Mirzohid Yo‘ldoshev. – Bunda hududlarda tashkil etiladigan amaliy-o‘quv maskanlarini moddiy texnika bazasi boyitiladi. Chexiya davlatlarda tashkil etilgan mazkur maskanlar faoliyati bilan tajriba almashinadi. Shuningdek, O‘zbekistonda organik toza mahsulotlar yetishtirishni rivojlantirish loyihasi ustida ish boshladik.
Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatimizning belgilangan hududlarida hamkorlik tadbirlarini tashkil etishga kelishib oldi.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA