“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Damas” va “Labo” avtomobillarini ishlab chiqarishni oshirib, yiliga 150 mingtaga yetkazadi, bu esa ikkita talab yuqori bo‘lgan avtomobillar rusumlarini yetkazib berish muddatini tezlashtiradi.
Ayrim butlovchi qismlarni mahalliylashtirish va dekontenting qilish (zarur qismlarni arzon narxdagilari bilan almashtirish) bo‘yicha chora-tabirlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, import qilinadigan ehtiyot qismlari turlarini qisqartirishga yordam beradi.

2021 yilda “UzAuto Motors”kompaniyasi Xorazm viloyatining Pitnak shahrida yangi press sexini ishga tushirdi. Bir gektardan ortiq maydonda yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish maksimal quvvatga chiqqanda 12 ming tonna metall listdan “Damas” va “Labo” modellari uchun har yili 7 million dona turli shtamplangan kuzov qismlarini tayyorlash imkonini beradi.

2016 yildan boshlab Xorazm viloyatidagi zavodda “Damas” va “Labo” ishlab chiqarish hajmi qariyb besh barobarga oshdi. O‘tgan yili mazkur rusumli 93 ming dona avtomobil ishlab chiqarilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA