«Chevar qo‘llar» markazi tashkil etildi
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida «Chevar qo‘llar» markazi tashkil etildi.
Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri Q.Turdiyev, filial direktori A.Ayapov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, talaba-yoshlarni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash, ular iste’dodini namoyon etishi, izlanishi, yangiliklar yaratishi uchun imkoniyatlar berilayotganini ta’kidladi.
Markazda talaba-yoshlarga milliy kiyim-kechak, raqs, sahna dekoratsiyasi uchun zarur bo‘lgan buyumlarni tikish-bichish va to‘qish sirlari o‘rgatiladi. Qiziquvchan yoshlar 6 oy mobaynida o‘qitiladi va yakunida ularga sertifikat topshiriladi.
– Mazkur markazni tashkil etishdan asosiy maqsad, yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga shart-sharoit yaratishdan iborat, – deydi filial direktori Amanjol Ayapov. – Shuningdek, bakalavriat ta’lim bosqichida tahsil olayotgan talaba-qizlarni kasbga yo‘naltirish, qobiliyatini yuzaga chiqarish va ularni qo‘shimcha ish bilan ta’minlashdir.
Tadbir yakunida markazga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA