Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malakani sertifikatlash tizimi joriy etildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malakani sertifikatlash tizimi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 yanvardagi tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan ushbu vazifa mamlakatda davlat tilining xalqaro miqyosda o‘rnini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonga qiziqish bildirgan xorijiy fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini CEFR xalqaro mezonlariga muvofiq A1, A2 va B1 darajalar bo‘yicha baholash hamda malakali sertifikat berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 2027 yil 1 martdan esa ushbu tizim yuqori darajalar — B2, C1 va C2 bosqichlarini ham qamrab oladi.
Muhim yangiliklardan biri shundaki, o‘zbek tilini bilish bo‘yicha kamida B1 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishida davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.
Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili bo‘yicha malakali imtihonlarni tashkil etish va sertifikatlash jarayonlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Ilmiy-o‘quv amaliy markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu tashabbus o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqishni yanada oshirish, mamlakatning madaniy va ma’naviy nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA