Chempionlar uyi foydalanishga topshirildi
Chempionlik yo‘li, avvalo, munosib sharoitdan boshlanadi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Shirin shahar sport maktabining akademik eshkak eshish bazasi hududida barpo etilgan zamonaviy 40 o‘rinli sportchilar yotoqxonasi foydalanishga topshirildi. Bu Sirdaryo viloyatida sport infratuzilmasini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib, nafaqat sportchilar uchun munosib tuhfa, balki ertangi Olimpiya va jahon chempionlarini tarbiyalashga xizmat qiladigan zamonaviy sport maskani sifatida e’tirof etildi.
Yotoqxona "Tashabbusli byudjet" loyihasi doirasida qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etildi. Sirdaryo viloyati hokimligi mablag‘lari hisobidan esa bino zamonaviy mebellar, maishiy texnika hamda mashg‘ulotlardan so‘ng sportchilarning dam olishi uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlar bilan ta’minlandi.

Endilikda akademik eshkak eshish bilan shug‘ullanayotgan 40 nafar sportchi o‘quv-yig‘inlari va musobaqalarga tayyorgarlik jarayonida o‘z hududidagi zamonaviy sharoitlarda yashash va mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, avvalgidek Toshkent viloyatidagi sport bazalariga qatnab tayyorgarlik ko‘rishga ehtiyoj qolmaydi. Bu esa vaqt va mablag‘ni tejash barobarida mashg‘ulotlar samaradorligini yanada oshiradi.

Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi, Shirin shahar hokimligi rahbarlari, murabbiylar, sportchilar, nuroniylar hamda Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan "Mustaqillik to‘yi" festivali doirasida faoliyat yuritayotgan "Ma’rifat targ‘ibotchilari" ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy natijalari ana shunday zamonaviy inshootlarda yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladilar. Qayd etilganidek, yangi yotoqxona yosh sportchilarning mashg‘ulot jarayonini samarali tashkil etish, ularning xalqaro musobaqalarga tayyorgarligini yanada kuchaytirish va yuqori natijalarga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu fikrlar bejiz emas. Shirin shahar sport maktabining akademik eshkak eshish bazasi mamlakatimizdagi eng kuchli sport maskanlaridan biri hisoblanadi. Faqat 2025-yilning o‘zida maktab sportchilari respublika chempionatlari va kubok bahslarida 28 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Shundan 12 tasi oltin, 10 tasi kumush va 6 tasi bronza medalidir. Bugungi kunda maktabning 20 nafar tarbiyalanuvchisi O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibida, yana 5 nafari esa zaxira tarkibiga kiritilgan.
E’tiborlisi, aynan shu sport maktabida Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari Shahboz Xolmirzayev va Anna Prakaten kabi mashhur eshkak eshuvchilar kamol topgan. Bu esa mazkur dargoh mamlakatimizda akademik eshkak eshish sportini rivojlantirishda alohida o‘rin tutayotganining yorqin tasdig‘idir.


Joriy yilda Rossiya poytaxti Moskva shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli «65-Katta Moskva regatasi – Eng kuchli sportchilar kubogi» musobaqasida ham Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Shirin shahar sport maktabi tarbiyalanuvchilari munosib ishtirok etishdi. Yahyo Ibrohimov, Asadbek Mamatqulov, Husan To‘ychiyev, Shohjahon Asatullayev, Muhammadamin Tolipov, Aziz Davronov, Madina Savina va Sarvara Sharipqulovalar bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Bahrom Kamolov hamda Aziz Hakimov kumush medallarga sazovor bo‘lishdi.

So‘nggi yillarda maktabning moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanmoqda. Zamonaviy qayiqlar, eshkaklar va boshqa sport anjomlari bilan ta’minlangan bazaga yangi yotoqxonaning qo‘shilishi mashg‘ulotlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, Shirin shahrida foydalanishga topshirilgan ushbu inshoot oddiy yotoqxona emas. U kelgusida xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘taradigan, Vatan sharafini munosib himoya qiladigan yangi chempionlar yetishib chiqadigan haqiqiy "Chempionlar uyi" bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri