Chempionat qizg‘in davom etmoqda
Poytaxtimizda basketbol bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Poytaxtimizda basketbol bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.Musobaqada mamlakatimizning eng kuchli o‘n beshta jamoasi uchta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Turnirning birinchi kungi uchrashuvida Navoiy olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilari ushbu viloyatning 4-bolalar va o‘smirlar sport maktabi vakillaridan 50:51 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari esa poytaxtning 7-olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabi vakillari ustidan 45:39 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston Milliy universiteti basketbolchilari Samarqand viloyatining olimpiya zaxiralarini tayyorlash markazi vakillaridan 13:57 hisobida yengilgan bo‘lsa, Zarafshonning 12-bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari Markaziy harbiy sport klubi sportchilarini 53:41 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Bekobodning «Metallurg» jamoasi vakillari Navoiyning 4-bolalar va o‘smirlar sport maktabi yana bir jamoasini 71:42 hisobida yenggan bo‘lsa, Namanganning «Pahlavon» jamoasi farg‘onalik raqiblari “Chorvaozuqaservis” jamoasi ustidan 42:39 hisobida g‘alaba qozondi.
Ikkinchi tur o‘yinlari davom etmoqda.