Amerika Qo‘shma Shtatlarida klublar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionati yarim finalida Madridning "Real"klubini 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan “PSJ” AQSHning Nyu-Jersi shtati, Ist-Raterford shahridagi “MetLife Stadium”dagi final bahsida “Chelsiga 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Bu, Londonning “Chelsi” jamoasi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida uchinchi marta maydonga tushib, ikki bor g‘oliblikni qo‘lga kiritganidan dalolatdir.

Ma’lumot uchun, “Chelsi” klublar o‘rtasida 2012 yilgi chempionat finalida Braziliyaning "Korintians" jamoasiga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. 2022 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida londonliklar yana bir Braziliya jamoasi "Palmeyras"ni 2:1 hisobida dog‘da qoldirib, chempionlikni tantana qilgandi. Bu safar ushbu musobaqada ilk bor qatnashgan “PSJ” taslim etildi.

“PSJ” – "Chelsi” o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasiga ko‘ra, londonliklar mazkur o‘yinga qadar 9 ta rasmiy o‘yinning 3 tasida g‘alabaga erishgan, 4 tasida parijliklarning omadi kulgan, 2 ta uchrashuvda durang qayd etilgan.
O‘ninchi bor o‘tgan bu safargi o‘yinda “Chelsi” zafar quchishi ortidan o‘rtadagi hisob-kitob tenglashdi.
Yangicha formatda tashkil etilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida “Chelsi”ning g‘alabasiga ikkita goli bilan katta hissa qo‘shgan 23 yoshli Koul Palmer turnirning eng yaxshi futbolchisi, "PSJ" yarim himoyachisi Dezire Due eng yaxshi yosh futbolchi, “Chelsi“ darvozaboni Robert Sanches eng yaxshi darvozabon sifatida e’tirof etildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA