Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi «Istiqbol» mahalla fuqarolar yig‘inining yangi qad ko‘tarayotgan binosi barcha qulayliklarga ega bo‘lib, 5 ta xizmat xonalaridan iborat.
Ayni vaqtda uning ichki qismlarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolarining aholi muammolari bo‘yicha olib borayotgan o‘rganishlari aynan shu mahalladan boshlandi. Hudud aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida berilgan takliflar asosida mahalla binosining yon tarafidan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, jumladan, «Ayollar go‘zallik saloni», «Erkaklar sartaroshxonasi» hamda bir nechta oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan do‘konlar qurilib, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan fuqarolarga foydalanish uchun beriladi.
Shu vaqtga qadar foydalanib kelingan mahalla binosining 2 ta xonasi esa qayta ta’mirlanib, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yolg‘iz yashab kelayotgan fuqaro D. Bo‘ronovaga yashash uchun beriladi.
Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ushbu mahallada istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironlari hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj 6 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari berildi.
«Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 nafar fuqaro — Q.Egamova, N.Joniqulova, D.Bo‘ronova, L.Muhiddinova, G.Esanova hamda G.Kamoliddinovalarning xonadonlari ta’mirlab berildi. Shuningdek, fuqaro Q.Egamovaga tegishli tomorqaning 0,02 sotix qismiga subsidiya asosida issiqxona qurishda ko‘maklashish uchun tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mas’ul xodimlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatning Xovos tumani «Binokor» mahalla fuqarolar yig‘inida aholi muammolarini aniqlashga doir olib borilgan o‘rganishlar davomida mahalladagi 3 ta yangi tashkil etilgan ko‘chalarga 0.9 km.lik qismiga suv quvurlari yotqizildi, 850 metrlik ta’mirtalab qismiga tosh to‘kilib tekislandi.
Mahallada yashovchi bolalar uchun maxsus o‘yingoh qurish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, «Sadoqat» va «Yong‘oqli» ko‘chalarini ta’mirlash, 18-maktab atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Vazir o‘rinbosari rahbarligidagi Ishchi guruh a’zolari uzoq hududlardagi mahallalar faoliyati hamda u yerdagi mavjud muammolar bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyati Urgut tumanidagi «Soyg‘o‘s» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. Bu yerda yashayotgan turi aholi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida odamlarni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borildi.
Jumladan, fuqarolar murojaatlari asosida mahallaning ichimlik suvi tarmog‘i ta’mirlanib, suv to‘plash hovuzi atrofi obodonlashtirilib, qayta beton qoplamasi yotqizildi.

Markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i yetib bormagan xonadonlarga maxsus suv tashish texnikasi orqali toza ichimlik suvi yetkazib berildi. 105 ta xonadonga 2 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz mahsuloti yetkazilib, 16 ta xonadonga yangi maishiy gaz ballonlari tarqatildi. 450 ta xonadon dudbo‘ronlari tozalanib, xonadon egalari bilan profilaktik ishlar amalga oshirildi va is gazidan zaharlanishni oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 1250 ta eslatma materiallari tarqatildi.
Aholi tomonidan elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qilingan murojaatlarni qanoatlantirish maqsadida mahalladagi transformator yangisiga almashtirildi hamda 3.5 kilometrlik masofaga elektr simlari tortildi, 68 ta eski simyog‘och ustunlari esa yangi beton ustunlarga almashtirildi. Shuningdek, hududdagi 1.6 kilometrdan iborat asosiy ko‘chalarga shag‘al qoplamasi yotqizilib, ta’mirlandi.

Tashrif davomida mahallada yashovchi 2 nafar fuqaro – Zuhriddin Norqulov va Xushreza G‘aniyevalarga tuman Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan ishsizlik nafaqasi tayinlanib, ishlash istagini bildirgan yana 2 nafar fuqaro – Maftuna Sodiqova hamda uning turmush o‘rtog‘i Shodon Oripovlarga “Urgaz Carpet” qo‘shma korxonasiga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.
Shuningdek, subsidiya asosida issiqxona qurish taklifini bildirgan fuqaro Raisa Qahhorovaga amaliy ko‘mak berish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Tikuvchilik, tomorqachilik, chorvachilik yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 33 nafar fuqaroga tumandagi tijorat banklari tomonidan kredit ajratish choralari ko‘rildi. Fuqarolarning murojaatlari asosida xonadonlardagi mayda va yirik shoxli 565 ta uy hayvoni emlanib, 4 ta maxsus avtomashina yordamida aholi uylaridagi qattiq maishiy chiqindilar olib chiqib ketildi.

Aholi salomatligini asrash hamda bemor fuqarolarga yordam ko‘rsatish maqsadida tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan «Soyg‘o‘s» mahallasida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, aniqlangan tashxislar natijasida 300 nafardan ortiq fuqaroga shifokorlarning tegishli tibbiy tavsiyalari berildi.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar orqali mahalla aholisining tuman markaziga hamda o‘quvchilarning maktabga borib-kelishlari uchun 2 ta “Damas” rusumli avtomashina va 1 ta maxsus avtobus ajratildi.
Vazir o‘rinbosari B.Parpiyev boshchiligidagi Ishchi guruh a’zolarining chekka hududlardagi mahallalar faoliyati bilan tanishish hamda aholi muammolarini aniqlash bo‘yicha olib borayotgan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
O‘zA