Chekka qishloqlik yil o‘qituvchisi (+video)
Pedagoglar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi natijalariga ko‘ra, respublikamizdagi mavjud 208 shahar va tuman bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan o‘qituvchilar aniqlandi.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” ezgu tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari muallimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor misolida o‘z ifodasini topmoqda.
E’tiborlisi shundaki, “Yil o‘qituvchisi” tanlovida yurtimiz miqyosida 46 mingdan ortiq pedagog xodimlar qatnashib, o‘z kasbiy bilim hamda mahoratlarini namoyon qilishdi. Ular orasida tajribasi va intilishi bilan ajralib turgan 208 nafar muallimning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 1 ming 400 barobari, ya’ni hozirgi kunda 616 million so‘mdan pul mukofoti taqdim qilindi.

Pedagoglarning kasbiy salohiyatini namoyon etish, ularning ilg‘or ish tajribasini keng ommalashtirish va mashaqqatli mehnatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda Namangan viloyatining shahar va tumanlaridan 14 nafar ustoz g‘oliblar safida e’tirof etildi.
Darhaqiqat, mehnatning qadri e’tirof topganda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yaqin vaqtgacha ko‘p vaqtini majburiy mehnat bilan band qilgan o‘qituvchilar yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, g‘amxo‘rligi va ulkan hurmati tufayli o‘z o‘rinlarini topishdi. Ta’lim muassasalarida pedagoglarning ish sharoiti yaxshilandi, maoshlari oshirildi.

22 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan, To‘raqo‘rg‘on tumanining Shahand qishlog‘ida joylashgan 33-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mahbuba Begaliyeva ham oxirgi 10 yilda pedagoglarning obro‘si yuksalganidan bahrmand bo‘lib, salmoqli yutuqlarga erishib kelayotgan fidoyi muallimlardan hisoblanadi.
Har bir muvaffaqiyat ortida yillar davomida to‘plangan tajriba, tinimsiz izlanish va kasbga sadoqat mujassam. Murg‘ak bolalarga ilm ziyosini mehr-muhabbat bilan ulashib kelayotgan iqtidorli bu muallimaning muvaffaqiyati ham ayni shu fidokorona mehnatning amaliy natijasidir.

Tanlovning ilk bosqichida berilgan 50 savolga to‘laqonli javob qaytargan Mahbuba Begaliyeva keyingi bosqichda Chust tumanidagi maktablardan birida boshlang‘ich sinflarga bergan ochiq darslari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Hal qiluvchi bosqichda esa maktabda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha taqdimoti hamda 40 test savollariga zukkolik bilan hozirjavobligi uning g‘olib bo‘lishini ta’minladi.
.

Darvoqe, u ishlayotgan 33-maktab 1965-yilda qurilgan bo‘lib, 740-o‘rin va 1,5 koeffitsiyentga ega. Ikki smenada 1059 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Muyassarxon Yusupova boshchiligidagi ushbu maktab pedagogik jamoasi bor imkoniyat va bilimini ishga solgan holda, Yangi O‘zbekistonimiz uchun munosib bo‘lgan avlodni kamolga yetkazishga intilmoqda. Shuningdek, maktabning uch nafar o‘qituvchisi 1000 AQSH dollariga teng miqdordagi ish haqi olayotgani tahsinga loyiq.

Xususan, qahramonimiz Mahbuba Begaliyeva ham o‘z darslarida innovatsion uslublar, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va rang-barang ko‘rgazmali vositalar orqali bolajonlarning mustaqil fikrlashi, ijodkorligi, amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi. Buning natijasida u milliy sertifikatga ega bo‘lib, respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi, 70 foizlik ustama bilan bugungi kunda 20 million so‘m miqdorida oylik maosh olmoqda. Bu uning ishi kundalik faoliyati bilan bir qatorda, nufuzli tanlovlarda ham munosib baholanmoqda. “Yil o‘qituvchisi” tanlovidagi g‘oliblik buning yorqin dalilidir.

– Yangi O‘zbekistonda o‘z ustida ishlagan, intilgan o‘qituvchi yuqori maoshga ega bo‘lishini, bilimning kuchi naqadar beqiyos ekanligini ish faoliyatim misolida ko‘rib turibman, – dedi oddiy qishloqdan yetishib chiqqan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi Mahbuba Begaliyeva. – Aytish joizki, bunday damlar kelishini dadam rahmatli orziqib kutgan edilar. Otamning orzulari ushalib, yurtimizning baxtiyor muallimlari qatorida munosib rag‘batga ega bo‘ldim. Ochig‘i, biz bundan o‘n yillar avval kasb bayramimizni dala maydonlarida og‘ir sharoitlarda kutib olganmiz. Tanlovdagi zafarim uchun berilgan mukofot pulini viloyat markazidagi ko‘pqavatli uylardan xonadon xarid qilishga hamda xayriya ishlariga sarflamoqchiman. Mana bugun esa o‘qituvchi yana sinf xonasiga qaytib, kelajak avlod vakillariga ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘qituvchilar e’zozlanayotgan zaminda yashayotganimdan faxrlanaman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri