Chekka qishloqda yangi QVP ish boshladi
Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Durdiyor mahallasi tumandagi og‘ir hududlardan hisoblanadi. Ayni kunda mahalladagi 650 xonadonda 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Ikki oy avval Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mazkur mahallada bo‘lib, mahalla aholisi bilan muloqot o‘tkazganida, aholi toza ichimlik suvi tizimini yangilash, yo‘llarni ta’mirlash, gaz va elektr ta’minotini yaxshilash, mahallada maktabgacha ta’lim tashkiloti, qishloq vrachlik punkti tashkil etish bo‘yicha yordam ko‘rsatilishini so‘ragan edi.
O‘tgan qisqa davr ichida mahallada elektr energiyasi, suv ta’minoti tizimlari yangilandi, yo‘lsozlar tomonidan keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ana shu ishlar negizida kapital ta’mirlangan binoda zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi qishloq vrachlik punkti tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
[gallery-8828]
Viloyat hokimining o‘rinbosari Nasibullo Mo‘minov, tuman hokimi Elerbek Usmonov, mahalla ahli, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida qishloq vrachlik punktining ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, chekka-chekka hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini oshirish, odamlarning og‘irini yengil qilish, turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega mazkur muassasaning ish boshlashi bilan mahallada tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi. Yangi QVP zarur tibbiy asbob-anjomlar, jihozlar bilan ta’minlangan. Qolaversa, shifokorlarning samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA