Chavandozlarning yangi avlodini tayyorlash ustuvor vazifa
Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida davlatimiz rahbarining “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Tizimdagi Chavandozlar maktablari mutasaddilari va mutaxassislari ishtirok etgan yig‘ilishda ot sporti turlarini aholi o‘rtasida ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni saralash va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash, ushbu sport turlari rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ko‘zda tutilgani qayd etildi.


Muhokamalar davomida hududlarda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, maktablarga jalb etilgan o‘quvchi va talaba-yoshlarning erishayotgan natijalari, ularning tegishli sport darajalarini bajarish imkoniyatlari, yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish, milliy merosimiz bo‘lgan Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish kabi bir qator masalalar tahlil etildi.

Shuningdek, 2026 yilda mashg‘ulotlar sifatini oshirish, o‘quvchi-sportchilarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish, murabbiylar malakasini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari, innovatsion usullarni joriy etish vazifalari belgilab olindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Milliy gvardiya tizimidagi muzey va sport maskanlari faoliyati bilan tanishdi. Ushbu maskanlarning tarixiy ahamiyati, yangi avlod chavandozlari tarbiyasidagi o‘rni haqida ma’lumotlardan bahramand bo‘lishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA