Chavandozlarimiz Dubayda 3 medalga sazovor bo‘ldi
O‘tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida konkur bo‘yicha “CSI2*” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi. 4-7 yanvar kunlari o‘tkazilgan ushbu turnirda O‘zbekiston terma jamoasi safida Bahromjon G‘oziyev, Bekzod Qurbonov, Abdurahmon Abdullayev va Feruz Abdullayev kabi chavandozlar ishtirok etdi. Terma jamoamiz musobaqada 1 oltin va 2 kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning 125 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida Bahromjon G‘oziyev “Lady” laqabli otda eng yaxshi natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. To‘siq balandligi 140 smni tashkil etgan dasturda Abdurahmon Abdullayev “Otto van de Acherhoek” laqabli tulpori bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Gran-pri bahslarining 145 sm balandlikdagi to‘siqlar osha sakrashda Abdurahmon Abdullayev “Otto van de Acherhoek” oti bilan ikkinchi pog‘onadan o‘rin egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA