“Chashmai Ayub” yodgorligi qachon ta’mirlanadi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Vobkent tumani Xayrobod qishlog‘ida joylashgan moddiy-madaniy meros ob’ekti sanalgan “Chashmai Ayub” yodgorligining ta’mirtalab holga kelib qolgani yuzasidan tarqalgan xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Madaniy meros agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur yodgorlik “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari Milliy ro‘yxati”ga kiritilgan. Shuningdek, ushbu tarixiy maskan Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan YUNESKO Jahon merosi qo‘mitasi 45-sessiyasida Buyuk ipak yo‘lining “Zarafshon-Qoraqum” koridori ob’ektlari ro‘yxatidan joy olgan.
Tarixiy yodgorlikning butligini saqlash va zarur restavratsiya ishlarini jadallashtirish maqsadida mazkur yodgorlik joriy yilda Buxoro viloyatida ta’mirlash-tiklash ishlari olib boriladigan madaniy meros ob’ektlari manzilli ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ayni paytda restavratsiya ishlariga oid loyiha hujjatlarini ishlab chiqish jarayoni ketmoqda.
Ob’ektda belgilangan tartibda ta’mirlash-tiklash ishlari va hudud atrofini obodonlashtirish ishlari boshlangunga qadar tarixiy binoni qor-yomg‘ir suvlaridan asrash maqsadida Vobkent tuman hokimligi bilan birgalikda binoning yuqori qismida yengil konstruksiyali muhofaza qoplama – tunuka o‘rnatish mo‘ljallangan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Chashmai Ayub” yodgorligining butligini saqlash borasida vakolatli tashkilotlar va mahalliy hokimlik idoralari tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, uning amaliy ijrosi ustidan tegishli nazorat o‘rnatilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA