Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari va DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona postida 13 ming dona psixotrop tabletkani ushlab qoldi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi yuk vagonlari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Vagonlarning birida yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra maishiy texnika buyumlari ortilgani ma’lum qilingan bo‘lib, bojxona ko‘rigi chog‘ida uning aksi bo‘lib chiqdi. Ikkita chang yutgich texnikasining o‘rami ichiga xufyona tarzda “Xanised Alprozolam 0,5” nomli psixotrop tabletkalar joylashtirilgani aniqlandi.

Bu haqda O‘zAga ma’lum qilgan viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralovning aytishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, mamlakatimiz hududida mazkur psixotrop tabletka muomalasi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois uni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va tranzit olib o‘tish uchun maxsus ruxsatnoma talab etiladi.


Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri