Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining “Chandirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini qay bir xonadoniga bormang supurgi o‘simligini parvarish qilayotgani, uni tayyorlanish jarayoni ustidan chiqasiz.
Past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlar qishloq aholisiga dehqonchilik qilish uchun berilmoqda. Mahallada ana shunday maydonlarning 89 gektari supurgi yetishtirish uchun ajratilgani mahalla ahliga qo‘l kelmoqda. Shu mahallada yashovchi Qadamboy Abdiyev bir necha yildan buyon oila a’zolari bilan birgalikda supurgi o‘simligini yetishtirish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi.

– Oilamiz bilan 6-7 yildan buyon shu soha bo‘yicha shug‘ullanib kelamiz. Har yil g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini takroriy ekin ekish maqsadida ijara asosida olib, supurgi o‘simligi ekamiz. O‘simlik yetishib bo‘lgach, shundan supurgi tayyorlaymiz. Shu orqali to‘ylar qildik, farzandlarni o‘qityapmiz. Kelajakda zarur dastgohlarni xarid qilib, eksportbop supurgilarni tayyorlashni ham niyat qilganmiz, – deydi Qadamboy Abdiyev.

– Mahallada 658 ta xonadon 1012 ta oila bo‘lib, aholi soni 4008 tani tashkil etadi. Mahalladagi ishsiz fuqarolarning 342 nafari doimiy ishga joylashdi, 213 nafari o‘zini o‘zi band qildi, 65 nafari mavsumiy ishlarga jalb qilindi, 224 nafariga qariyib 5 milliard so‘m kredit ajratib tadbirkorlik faoliyatini boshlash orqali bandligi ta’minlandi. Shuningdek, mahallada 8 ta yuridik korxona, 17 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 37 ta tadbirkorlik sub’ekti mavjud, – deydi hokim yordamchisi Farhod Mo‘minov.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.