"CanSat-2026" g‘oliblari taqdirlandi (+video)
Kosmik texnologiyalarga qiziqqan yoshlar o‘z bilim va mahoratini amalda sinadi. O‘zbekiston mezbonlik qilgan xalqaro "CanSat-2026" loyihasi yakunlanib, eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalar aniqlandi.
16–21-oktabr kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan dastur 15 davlatdan 50 nafar yosh muhandis hamda 100 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabani birlashtirdi. Ishtirokchilar qurilmalarni loyihalash, elektron qismlarni birlashtirish, sensorlarni sozlash va dasturlash bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab, o‘zlari yaratgan "CanSat" qurilmalarini parvoz sharoitida sinab ko‘rdilar.
Loyihaning final bosqichida jamoalar qurilmalarini raketa yordamida uchirdi. Bu orqali elektron tizimlarning barqarorligi, sensorlarning o‘lchov olishi, ma’lumotlarni uzatish hamda parashyut yordamida yerga qaytish mexanizmlari tekshirildi. Ishtirokchilar nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llab, texnik yechimlarini baholash va ularni takomillashtirish bo‘yicha tajriba orttirdi.
Uzkosmos agentligi tomonidan Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti —"ICESCO", "Uzum", "Sehriyo" va "SkillBox" bilan hamkorlikda tashkil etilgan loyiha yoshlarning muhandislik va kosmik texnologiyalarga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
"CanSat" dasturi O‘zbekistonda 2025-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Bu yilgi xalqaro bosqich esa mahalliy talabalarga xorijlik tengdoshlari bilan bir maydonda bilim va mahoratini sinash, tajriba almashish hamda yangi texnik yechimlar ustida ishlash imkonini berdi.
Bunday loyihalar yoshlarni tayyor texnologiyalardan foydalanish bilangina cheklanmay, mustaqil izlanish, g‘oya yaratish va uni amalda sinashga undaydi. Qurilmani loyihalashdan tortib, uning parvozdagi natijalarini tahlil qilishgacha bo‘lgan jarayon esa kelajak muhandislari uchun muhim tajriba maktabidir.
Musobaqa yakunida xorijiy ishtirokchilar o‘rtasida "NEBULA Team" birinchi, "Pegasus Team" ikkinchi, "Skylab Team" uchinchi o‘rinni egalladi. Mahalliy jamoalar o‘rtasida esa "Astro Nova" birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Milliy universitet jamoasi va "Al-Xorazmiy" jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarning natijalari yoshlar orasida ilm-fan va muhandislikka qiziqishni rag‘batlantirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va kosmik texnologiyalar sohasida yangi yutuqlarga zamin yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
N. Rahmonova, D. Yoqubov (video), S.Obidjonov (montaj), O‘zA