"C5+1": raqamli texnologiyalar kun tartibida
Xabar berganimizdek, Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH davlat idoralari vakillari hamda yetakchi kompaniyalar ishtirokida "C5+1" formatidagi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu tadbirlar doirasida raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan panel sessiyasi tashkil etildi.
Unda raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni rivojlantirish, texnologik infratuzilmaga investitsiyalar jalb qilish hamda mintaqa kompaniyalari bilan amerikalik hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sessiyada raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, AQSH savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel, Markaziy Osiyo davlatlari vakillari, shuningdek, “Google” va boshqa xalqaro texnologiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Vazir Sherzod Shermatov O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki global raqamli iqtisodiyotning muhim markazlaridan biriga aylantirish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi. Buning uchun inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xorijiy kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, xalqaro hamkorlik orqali yangi investitsiyalarni jalb qilish, axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini kengaytirish va mamlakatni global texnologik zanjirlarning faol ishtirokchisiga aylantirish rejalari qayd etildi.
Sherzod Shermatov Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro raqobatlashishidan ko‘ra, umumiy maqsadlar yo‘lida hamkorlik qilishi muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslar butun mintaqaning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlari ham taqdim etildi. Xususan, “IT Park Uzbekistan” salohiyati, xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va texnologik loyihalarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga xizmat qiluvchi “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar yakunida raqamli iqtisodiyot, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologik kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA