O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoni loyihasi (keyingi o‘rinlarda loyiha) Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (regulation.gov.uz) portaliga joylashtirildi.
Loyihada davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm va sansalorlik kabi ma’muriy to‘siqlarni hamda zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish nazarda tutilgan.
Xususan, Farmon loyihasi bilan qator hujjat va ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli vakolatli organlardan, shu jumladan «Elektron hukumat» idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olish hisobiga fuqarolardan talab qilish amaliyoti bekor qilinmoqda.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolardan bir necha turdagi ma’lumotnomalarni talab qilish holatlari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida 1 oyda o‘rtacha 33 mingdan ortiq, yil davomida esa 400 mingdan ortiq, narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida yiliga 406 mingdan ortiq, soliq qarzi bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida ham yiliga 120 mingdan ortiq ma’lumotnomalar fuqarolardan talab qilingan.
Turli davlat organlari talablariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan yiliga o‘zlarining nikoh holati yuzasidan 172 mingdan ortiq va sudlanganlik (yoki sudlanmaganlik) haqida 286 mingga yaqin ma’lumotnomalar taqdim etilgani ma’lum bo‘lgan.
Shunga ko‘ra, loyihada 2021 yil 1 apreldan boshlab, fuqarolardan 12 turdagi ma’lumotnoma (ruhiy kasalliklar, narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi, sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi, turar joyning maydoni, soliq qarzi bor yoki yo‘qligi, pensiya va nafaqa miqdori, nikoh qayd etilganligi, shaxsning nikoh holati to‘g‘risidagi singari) talab qilish amaliyotini bekor qilish nazarda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning fotosurati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari, kadastr hujjatlari, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari, ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi kabi 8 turdagi hujjatlarni talab qilish ham bekor qilinadi.
Loyihada aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik yaratish maqsadida 2021 yil 1 martdan boshlab quyidagi tartiblar o‘rnatilmoqda:
- fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan hamda yuridik shaxslarning pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil bo‘yicha amalga oshiriladi;
- notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinadi;
- tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda yuridik shaxsning vakilidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
- davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek tezlashtirilgan tartibda davlat xizmati ko‘rsatilmaganligi uchun qo‘shimcha undirilgan yig‘imlar summasi soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan summalar Agentlik tomonidan tegishli vakolatli organlardan regress tartibida undirib olinadi;
- davlat xizmatlarini ko‘rsa
tishda ariza yoki unga ilova qilingan hujjatlarda to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan xatolar mavjud bo‘lsa yoxud talab qilingan hujjatlar yetishmasa vakolatli organ davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etmasdan, ularni to‘g‘rilash uchun arizachiga imkoniyat
va muddat beradi. Bunda arizani ko‘rib chiqish muddatini hisoblash xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun vakolatli organ tomonidan berilgan vaqt davomida to‘xtatib turiladi;
- davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar
QR-kod qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ushbu hujjatlar elektron ko‘rinishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;
- litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli organlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqish muddati davomida tegishli hujjatni berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinmasa, mazkur litsenziya
va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat talabgorning xabarnomasiga asosan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, «Litsenziya» axborot tizimi yoki idoraviy axborot tizimlari vositasida avtomatik ravishda shakllantiriladi va talabgorga yuboriladi. Bundan davlat siri
va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan tartib-taomillar mustasno bo‘lib, bunda vakolatli organlar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha oqibatlar uchun javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyihada amaliyotda ayrim turdagi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ etib belgilanmoqda, bundan nodavlat-notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mustasno sifatida keltirilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada 2021 yil 1 martdan davlat organlari, davlat muassasalari, banklar va kredit byurolari, shuningdek xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, matlubot kooperativi, ishlab chiqarish kooperativi, qishloq xo‘jaligi kooperativlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Agentlik tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish Agentlik tomonidan internet tarmog‘i orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish
va vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda OITSga qarshi kurash markazi xulosasi talab qilish amaliyoti bekor qilinmoqda.
Ushbu Farmon loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish bilan bir qatorda aholining ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinishiga, turli idoralarda fuqarolar haqidagi ma’lumotlar yagona identifikatorlar asosida saqlanishi hisobiga barcha tizimlar o‘zaro muvofiqlashtirilishiga, tadbirkorlik sub’ektlariga qator yo‘nalishlarda qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.
Ravshan Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi