Byudjet xarajatlarining qariyb yarmi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan
Parlament quyi palatasi majlisida 2025-yilgi byudjet ijrosi bo‘yicha hisobot qizg‘in muhokama qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qayd etganidek, yakunlangan yilda Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb yarmi — 47 foizi yoki 180,4 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘larning 86,5 foizi bevosita aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga sarflangan.
Shuningdek, ta’lim sohasini rivojlantirish uchun byudjetdan 84,2 trln. so‘m yoki 2024-yilga nisbatan 12,9 trln. so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan. Ta’lim islohotlari natijasida texnikumlarda o‘quvchilar soni 2024-yildagi 335 ming nafardan 2025-yilda 438 ming nafarga yetdi. Magistratura bosqichida tahsil olayotgan qariyb 18 mingga yaqin xotin-qizning 123 mlrd. so‘mlik to‘lov-kontrakt mablag‘lari byudjet hisobidan to‘lab berildi. So‘nggi to‘rt yilda oliy ta’limga qabul qilingan xotin-qizlar soni qariyb 2 barobarga oshib, 116 ming nafardan 227 ming nafarga yetdi.

Shuningdek, davlat-xususiy sherikchiligidagi bolalar bog‘chalariga qariyb 4,0 trln. so‘m subsidiya ajratilgan. Buning natijasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 32 mingtaga yetib, ulardagi bolalar qamrovi 1 milliondan oshgan.
Hisobot davrida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, sohaga 43,3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 7,2 trln. so‘mga ko‘p. Bundan tashqari, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan qamrab olingan tibbiyot muassasalari tomonidan 21,6 trln. so‘m mablag‘ sarflangan.

Hisobot davrida respubikaning 15 tumanida tajriba-sinov tariqasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi va buning uchun 368 mlrd. so‘m ajratilgan.
O‘tgan yili sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan Davlat dasturlari uchun 2 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, 2025-yilda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam va kompensatsiyalar uchun 14,5 trln. so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan. Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini izchil oshirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari uchun 4,2 trillion so‘m, ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar uchun 6 trillion so‘m ajratilgan.
Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda tijorat banklari tomonidan 70 mingdan ortiq fuqaroga 21 trillion so‘m ipoteka kreditlari ajratildi. Ushbu kreditlarning 13,6 trillion so‘mi byudjet resurslari tomonidan moliyalashtirildi. Shuningdek, 21 mingdan ortiq fuqaroga ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal to‘lovlari hamda 91 mingdan ortiq fuqaroga ipoteka kreditlari foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun jami 2 trillion so‘m subsidiya ajratildi.
Shuningdek, aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida hududlarda jami 135 mingta xonadon qurildi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining soni 56 taga yetdi va ularda qariyb 24 ming xonadon foydalanishga topshirildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA