Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida muhim qonunlar ko‘rib chiqildi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda ayrim sohalarni huquqiy jihatdan takomillashtirishga qaratilgan qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
“Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun bozor nazorati sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlash hamda inson hayoti va sog‘lig‘ini, iste’molchilar huquqlarini va atrof-muhitni xavfli mahsulotlardan himoya qilishga qaratilgan.
Qonun bilan bozor nazoratini amalga oshirish mexanizmlari, vakolatli organlarning vazifalari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Senatorlar qonunning amaliyotda samarali qo‘llanilishini ta’minlash bilan bog‘liq ayrim masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Majlisda “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni ham muhokama qilindi.
Mazkur qonun Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomini belgilash, mamlakatimizga xalqaro investitsiyalarni keng jalb qilish, kapital bozorini rivojlantirish hamda moliyaviy xizmatlar uchun zamonaviy va raqobatbardosh huquqiy muhit yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan Moliya markazi hududida maxsus huquqiy rejimni joriy etish, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, Toshkent xalqaro tijorat sudi va Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova,
O‘zA