Byudjet jarayoni shaffofligini yanada oshirish maqsadida, byudjet ijrosiga doir ma’lumotlarni vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish amaliyotini to‘liq yo‘lga qo‘yish hamda o‘z rasmiy veb-saytlarida moliyaviy hisobotni e’lon qilmagan vazirlik va idoralarning mas’ul rahbarlarini jarimaga tortish taklif qilinmoqda.
Bu haqida Oliy Majlis qonunchilik palatasi xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev fikr bildirgan.
Uning aytishicha, bugungi kunda 58 ta vazirlik va idoralardan faqatgina uchtasi byudjetlari haqidagi ma’lumotni ochiq taqdim etib keladi. Qolgan tashkilot va vazirliklarning rasmiy veb-saytida bu haqida ma’lumot yo‘q.
Endilikda bu haqda ochiq ma’lumot bermagan tashkilot jarimaga tortilishi taklif etilmoqda.
Amaldorning bildirishicha, qator yillardan beri amal qilib kelayotgan soliq imtiyozlarini tanqidiy ruhda qayta ko‘rib chiqish va to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, samara bermayotgan soliq imtiyozlarini bekor qilish yuzasidan takliflar ham ishlab chiqiladi. Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish, joylarda davlat idoralari tomonidan haddan ziyod qimmat turuvchi xizmat avtomashinalari sotib olinishi holatlariga barham berish ham maqsadga muvofiq, deb yozmoqda Qodir Jo‘rayev.