Byudjet islohotida yangi bosqich (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda davlat moliyasini Barqaror rivojlanish maqsadi va yashil rivojlanish ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirish” mavzusida ikki kunlik o‘quv dasturi tashkil etdi.
Tadbir davlat xarajatini mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik vazifalari bilan muvofiqlashtirish masalalariga bag‘ishlandi. BRM, iqlim kun tartibi va gender masalalarini fiskal siyosatga samarali integratsiya qilish usullari ham muhokama markaziga chiqdi. Ushbu yo‘nalishlar mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotning muhim tarkibiy qismi sifatida baholanmoqda.
Anjumanda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati va Fiskal siyosat departamentlari, Byudjet-soliq ilmiy tadqiqot instituti, O‘quv markazi hamda boshqa tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislari qatnashyapti. Shuningdek, qator vazirlik va idoralar vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xodimlari ham jarayonga jalb qilingan. Bunday keng qamrovli ishtirok sohadagi yangilanishlarni barcha darajada muvofiqlashtirish imkonini yaratadi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar ham tahlil qilinyapti.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda moliyaviy boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli qadamlar tashlandi. Davlat byudjeti qonun sifatida qabul qilinishi, o‘rta muddatli Fiskal strategiya joriy etilishi va dasturiy byudjetlashtirish mexanizmi amaliyotga tatbiq qilinishi shular jumlasidan. Endi e’tibor mablag‘ qay darajada taraqqiyotga xizmat qilayotganini baholashga qaratiladi. Natijada shaffoflik, hisobdorlik yanada kuchayadi.
BMT TD hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan, “O‘zbekiston taraqqiyoti uchun davlat moliyasi” – “Public Finance for Development in Uzbekistan” loyihasi doirasida ilgari surilgan mazkur tashabbus ilg‘or xalqaro tajribani o‘zlashtirish, institutsional salohiyatni oshirish va mablag‘dan foydalanish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan.
Mutaxassislar fikricha, birgalikdagi sa’y-harakatlar milliy rivojlanish ustuvorligi bilan moliyaviy qarorlar uyg‘unligini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu esa “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishni osonlashtiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uiotk8Fevg0" title="Budjet islohotlarida yangi bosqich" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA