Buyuk so‘z zargari tug‘ilgan yurtda
Bu yil O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov tavallud topganiga 97 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi 43-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinfi bor umumiy o‘rta ta’lim maktabida buyuk so‘z zargari Ibroyim Yusupov ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xalqning qalb to‘ridan joy olgan sevimli shoirning qizi, Qoraqalpog‘iston tarixi va san’ati muzeyi direktori Ayjamal Yusupova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Altingul O‘teniyazova hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yosh shoira Sohibjamol Sirg‘abayeva mehmon bo‘ldi.
So‘zga chiqqan shoira A.O‘teniyazova qoraqalpoq adabiyotining 60 yildan ortiq vaqt ijod qilib, xalqimizga boy adabiy meros qoldirganligini, uning kelajakda ham xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilaverishini aytdi va shoir qalamiga va o‘z ijodidan ulug‘ shoirga bag‘ishlab yozgan she’rlaridan o‘qib berdi.

So‘ng so‘zga chiqqan Ayjamal Yusupova otasi Ibroyim Yusupovni, uning eng yaxshi fazilatlarini, o‘zining kasb tanlab, elga, xalqqa mashhur inson bo‘lishida ulug‘ insonning to‘g‘ri yo‘naltira olganligi haqidagi juda ta’sirli xotiralari bilan bo‘lishdi. Yosh shoira S.Sirg‘abayeva esa ulug‘ shoir I.Yusupovni o‘zining ma’naviy ustozi deb bilib, u bilan olib borgan ma’naviy suhbatlari va buning natijasida yaratilgan asarlarini o‘qib berib, yuraklarni biroz to‘lqinlantirdi.

Shoir qalamiga mansub she’rlar o‘qilib, uning kuy-qo‘shiqlaridan tayyorlangan qiziqarli konsert dasturi kechaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Kecha so‘nggida maktab direktori Elmira Mambetkarimova so‘zga chiqib, shoirning ijodidan ta’lim sohasida ham foydalanishning ahamiyati, uning she’rlari bugungi kabi axborot texnologiyalari tez sur’atlarda rivojlangan bir davrda ham bebaho ekanligini qayd etdi.
Aynura O‘teniyazova,
jurnalist.
O‘zA