
9 aprel - Amir Temur tug‘ilgan kun
Jahon tarixida Amir Temur siymosining alohida o‘rin egallashi, bu zotning adolati zamirida avvalo xalq manfaati birinchi o‘rinda turishi allaqachon o‘z isbotini topgan haqiqat bo‘lib: ”Saltanat to‘nini kiygach, o‘z to‘shagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim. Adolat va insof bilan Tangrimning yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim”, degan so‘zlarida butun faoliyati davri bor bo‘y-basti bilan aks etgan. Shu bois ham, yurtimizda buyuk davlatchilik asoslarini qayta tiklagan yirik davlat arbobi, buyuk bunyodkor, ilm-fan homiysi, islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqishning tobora ortib borayotganini va bu o‘rinda yangicha ishlash tamoyillari yuzaga kelayotganini birgina Temuriylar tarixi davlat muzeyi jamoasining mamlakatimiz va jahon temurshunos olimlari, turli tashkilotlar bilan bugungi kundagi amalga oshirayotgan ishlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Buyuk siymo tug‘ilgan kuni arafasida Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Amir Temur haqida ko‘plab maqolalar muallifi To‘lqin Hayit bilan gurunglashdik.
Quyida suhbat mazmuni bilan tanishasiz.
-Avvalo aytish kerakki, Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishda Amir Temur va Temuriylar Renessans davrini mufassal o‘rganmasdan turib, bu mintaqaning tarixiga baho berish mumkin emas. Keyingi yillarda Belgiya, Fransiya, Turkiya va Qog‘og‘iston davlatlarida dunyoning yetakchi temurshunos olimlari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda qator yangi tadqiqotlar e’lon qilindi va ular asosida yangi ilmiy adabiyotlar chop etilib, o‘quvchilar qo‘liga yetdi. Mamlakatimizda esa har yili xalqaro anjumanlarni o‘tkazish, dunyo tarixchilari bilan hamkorlik qilish odatiy an’ana tusini oldi va bunday ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni istaganlar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Ayniqsa, Fransiyaning Parij shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Temuriylar tarixi, san’ati va madaniyatini o‘rganish jamiyati prezidenti, yirik temurshunos olima Fredrika Bressand xonim va qator fransuz tarixchilari, olimlari bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy va badiiy publitsistik ishlar diqqatga sazovordir. Jumladan, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi arafasida fransuz olimi, tarixchisi, jamoat arbobi Piyer Lyuminetning “Ulug‘bek - samarqandlik falakshunos” deb nomlangan qimmatli asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Olim unda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy faoliyatiga juda katta ehtirom ko‘rsatgan holda uning davlatchilik, pul islohotlari, bunyodkorlik ishlariga hamda insoniylik hislatlariga har tomonlama jiddiy baho bergan. 2019 yilda 30 nafar fransuz tarixchisi va olimi safida Piyer Lyuminet ham yurtimizda bo‘lib, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirdi, hamkorlari bilan xalqaro anjumanlar, turli yig‘inlarda, davra suhbatlarida ishtirok etdi. Eng muhimi, bu do‘stona ilmiy hamkorlik yangi izlanishlarga asos bo‘ldi.
Har yili 9 aprelda mamlakatimizning barcha viloyatlarida bu sanaga bag‘ishlangan yig‘inlar, davra suhbatlari turli tashkilot va o‘quv yurtlari hamkorligida o‘tkazib kelinmoqda. Muzeyda ham bu tadbirga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Ayniqsa, 9 aprel kuni Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kundagi tantanali tadbirlar xalq sayiliga aylanib ketadi. Turli tashkilotlarda Temuriylar Uyg‘onish davri suratli ko‘rgazmalari tashkil etiladi, badiiy kechalar, bayram tadbirlari keng tus oladi.
Xalqimiz Amir Temur siymosi aks ettirilgan badiiy filmlar, ko‘p qismli seriallardan tezroq bahramand bo‘lish orzusida ekanligi ham sir emas va yaqin orada bu orzularning ruyobga chiqishiga albatta ishonch bor.
Ma’lumki, bugungi kunda Amir Temur haqidagi qomusiy asarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda va aytish kerakki, ko‘p yillik izlanishlardan so‘ng mamlakatimiz va dunyo temurshunos olimlari hamkorligida, turli ishonchli manbalar, adabiyotlar asosida “Amir Temur qomusi”ning birinchi jildi nashrga tayyorlandi.
Qayd etish kerakki, Amir Temurning faoliyati keng qirrali va beqiyos bo‘lganligi bois ham qomusni ikki jildda tayyorlash, ya’ni birinchi qismini aynan Sohibqiron Amir Temur faoliyatiga, ikkinchi qismini Temuriylarga bag‘ishlash ma’qul ko‘rildi. Chunki har ikki jihat taqqoslab ko‘rilganda, xuddi shunday yo‘l tutish maqsadga muvofiq kelishi oydinlashdi. O‘quvchilarimiz ham bizning bu fikrimizga qo‘shiladilar, degan umiddamiz.
Tariximizda o‘ziga xos xazinamiz bo‘lmish noyob manba – “Temur tuzuklari” nafaqat tarixchi olimlarning, balki butun dunyo ilm-fan namoyondalari, iqtisodchilari, faylasuflari va harbiylarining ham qiziqishlari va e’tiroflariga sazovor bo‘lgan asardir. Uning asl matnini izlab topish va tarjima nusxalari bilan solishtirib, asl holida o‘quvchiga yetkazish hamon dolzarbligicha qolmoqda. Qo‘limizga tushgan eng so‘nggi ma’lumotlarga tayanib aytish mumkinki, “Temur tuzuklari”ning asl nusxasi, ya’ni eski o‘zbek tilida bitilgani mavjud va uni izlab topish juda katta mehnat va albatta, katta mablag‘ talab etishi ham sir emas. Necha asrdirki, Sohibqiron Amir Temurning mashhur “Tuzuklari” el orasida tarqagandan buyon tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar to‘xtagani yo‘q. Bu nimadan dalolat beradi? Bu shundan dalolat beradiki, “mazkur kitob misralarida o‘zgacha ilohiylik, ulug‘lik bor. Tuzuklar otaxonning o‘z farzand va nabiralariga qoldirayotgan o‘ta muhim maslahat va vasiyati kabi yangraydi”, – degan edi ushbu asarning ilk tadqiqotchilardan biri Jozef Uayt. .
Chindan ham shunday, buyuk hukmdorning o‘zi ham “Tuzuklar”ning ikkinchi qismida: “...saltanatni boshqarish haqida qo‘llanma yozib qoldirdim, toki farzandlarim, avlodim va zurriyotimdan bo‘lganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin”, deya alohida qayd etib o‘tgan.
Bu o‘rinda bizni boshqa bir masala alohida to‘xtalib o‘tishga undaydi: u shundan iboratki, ba’zilar haligacha nima uchun Nizomiddin Shomiy yoki Ali Yazdiylar va o‘sha davr boshqa tarixchilarining asarlarida “Temur tuzuklari” haqida biror ishora uchramaydi, deya eskicha fikr yuritishdan to‘xtayotgani yo‘q. Bu borada shuni anglash kerakki, harbiy ahamiyatga ega har bir narsa qattiq sir saqlangan, el ko‘zidan pana tutilgan, yashirilgan, chunonchi Chingizxon ham o‘z “Yaso”sini yashirin saqlagan. “Temur tuzuklari” – noyob dastur bo‘lib, unda Sohibqiron Amir Temur davlatchilikda amaliy ishlar bilan birga uning barcha yo‘l-yo‘riqlarini ipidan-ignasigacha ko‘rsatib o‘tgan, jumladan, ulug‘ hukmdorning yirik armiyani shakllantirish, harbiy yurishlar rejasi, taktika va strategiyasi, eng katta janglarning sharhi va ularni amalga oshirish yo‘llari ham izchil va sodda, lo‘nda bayon etilgan. Yanada muhimrog‘i, Sohibqiron Amir Temurning kuch va adolatni birlashtirish borasidagi dunyoviy qarashlari ham o‘z aksini topgan bo‘lib, o‘sha davrda bunday kitobning o‘zgalar qo‘liga tushib qolishi ancha xavfli edi. Ammo ko‘ramizki, bunday nodir asarning oshiqlari ko‘p bo‘lgan va ularning har biri uni qo‘lga kiritish payida izlanganlar, yelib-yugurganlar va kerak bo‘lsa, mablag‘larini ham ayamaganlar.
So‘zim quruq bo‘lmasligi uchun bir misol keltiray: Jozef Uayt 1782 yilning 15 sentyabrida: “Do‘stim Devi o‘z xizmatini tamomlagach, yurtimizga (ya’ni Angliyaga) ushbu asarni QANCHA MABLAG‘ va KUCH ketsa ham olib kelishiga ishonaman”, deb yozgan*.
E’tibor bering!
“Qancha mablag‘ va kuch ketsa ham”, deyilmoqda. Bu oddiy gap emas va buni dunyo ko‘rgan ingliz kishisi aytmoqda.
“Temur tuzuklari” – chindan ham Sohibqiron Amir Temur tomonidan Temuriylarga meros qoldirilgan davlatni boshqarish haqidagi MAXFIY DASTUR edi.
So‘z isboti bilan.
Angliyada Uilyam Devi 1779 yilning 24 oktyabrida “Tuzuklarning asliyati masalasi” maqolasida juda qiziq voqeani keltiradi, ya’ni u yozadiki: “Shoh Olam kutubxonasida “Temur tarixi va Tuzuklari”ning chiroyli ko‘chirma nusxasi mavjud va shoh uni alohida e’tibor bilan saqlaydi. Menga bo‘lgan iliq munosabati sababli, o‘z kutubxonasidagi barcha kitoblardan foydalanishim uchun ruxsat bergan, faqatgina ushbu kitobni so‘ramasligimni oldindan ogohlantirgan”.
Demak, ingliz zobitlari Jozef Uayt va Mayor Devilar “Temur tuzuklari”ni faqat o‘zlarining qiziqishlari uchun emas, balki ingliz jamiyati manfaati uchun ham uning zarurligini his etganlar va ikkinchi tomoni Amir Temurning adolati ularni juda qiziqtirgan.
Jozef Uayt, 1782 yil 15 sentyabrda quyidagi so‘zlarni bitgan edi:
“Agarda ushbu (yozganlarim)ni o‘qiyotgan o‘quvchi Temurning hayoti haqida boshqa asarlarni o‘qib chiqmagan bo‘lsa, u uchun mening maqtovlarim o‘rinsiz va bo‘rttirib aytilgan olqishdek tuyulishi turgan gap. Ammo o‘quvchi uning hayoti va shaxsi bilan tanish bo‘lsa, unda mening so‘zlarim unga buyuk inson shaxsi poyiga samimiy havas va yurakdan chiqqan e’tirof isbotidek qabul qiladi.
Yana bir manbaga e’tibor qarataylik.
Lui-Matyo Lanle:
“Ayrim baxil mualliflar o‘zlarining razilona solnomalarida Sohibqironni qanchalik noxolis talqin qilmasinlar, baribir, uning nomi ne-ne xalqlar tarixi sahifalarida o‘chmas harflar bilan bitilgan va mangu qolajakdir”.
Bu har ikki inson ham oddiy odamlar emas. O‘z davrining eng ilg‘or kishilari bo‘lib, har bir so‘zlarini yetti o‘ylab aytadigan zotlar edi. Shu bois ham, ularning fikrlarini juda qimmatli va o‘rinli, deb bilamiz.
Chindan ham, biz qadrlaydigan, e’zozlaydigan o‘tmish meros – Sohibqiron Amir Temurdan qolgan ko‘rsatmalar, ya’ni tuzuklar adolat bilan ish yuritishimizda, tolerantlikni ulug‘lab, dunyoda do‘stlikni sharaflab, tinchlik va taraqqiyot uchun xizmat qilishimizda, ayniqsa, yosh avlodni har tomonlama bilimli, mard, jasur, vatanparvar, xalqparvar, yangi tashabbus va g‘oyalarni ilgari suruvchi komil va barkamol shaxs sifatida tarbiyalashimizda muhim dastur bo‘lib xizmat qilishiga shak-shubha yo‘q. Eng muhimi, barcha tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, unda Sohibqiron Amir Temur siymosi o‘zining adolati bilan go‘zal va betakror tarzda namoyon bo‘lganki, uning munavvar nurlari qalblarni yorug‘likka to‘ldirib, ezgulikka undaydi va har birimiz U zotning: “Adlu ehson bilan jahon gulshani obod bo‘ladi”, degan so‘zlarini xushnudlik bilan takrorlashga oshiqamiz. Haqiqatni aytganda, kimki dunyoda adolat deb yashar ekan, unday shaxslar siymosi oldida ta’zim qilsak yarashadi.
Suhbatni Jovli Xushboqov yozib oldi.
O‘zA.