Buyuk sarkardaga ehtirom – ma’naviyat va tarix uyg‘unligida
9-aprel – buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavallud sana munosabati bilan mamlakatimizda, jumladan, Qashqadaryo viloyatida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Bu kabi tadbirlar xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Erta tongdan Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydonida joylashgan Ko‘k gumbaz majmuasida buyuk sohibqironning ma’naviy ustozi Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasida xayrli tadbirlar o‘tkazildi. Unda qurbonlik qilinib, ulug‘ zotlar ruhiga Qur’on tilovatlari bag‘ishlandi. Bu esa xalqimizga xos azaliy qadriyat –ajdodlar xotirasiga ehtirom an’analarining davomiyligini namoyon etdi.
[gallery-28651]
Shundan so‘ng, Sohibqiron tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan asosiy tadbirda viloyat hokimi Murodjon Azimov boshchiligida sektor rahbarlari, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faol yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat rahbari Amir Temurning davlatchilik tarixidagi beqiyos o‘rni, uning mustahkam boshqaruv tizimi, kuchli harbiy strategiyasi, ilm-fan va ma’rifatga bergan e’tibori haqida atroflicha to‘xtaldi. Shuningdek, buyuk ajdodimiz orzu qilgan adolatli va taraqqiy etgan jamiyat g‘oyalari bugungi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohang ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, uning yorqin xotirasiga ehtirom bajo keltirdi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar nafaqat buyuk ajdodlar merosini ulug‘lash, balki yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni tarixdan saboq olishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari