Buyuk sarkarda
9-aprel — jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan, buyuk davlat arbobi va mahoratli sarkarda Amir Temur tavallud topgan kun.
1336-yil 9-aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) atrofidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan Amir Temur yoshlik chog‘laridanoq o‘zining qat’iyati, zehni va yetakchilik qobiliyati bilan ajralib turgan. U qisqa vaqt ichida nafaqat mohir qo‘mondon, balki kuchli siyosatchi sifatida ham tanildi.
Sohibqiron unvoni ham bejiz berilmagan. Bu nom uning taqdirida buyuklik, g‘alaba va tarixiy voqeliklar mujassam ekanini anglatadi. Amir Temur o‘z davrida markazlashgan, qudratli davlat barpo etib, uning chegaralarini kengaytirdi va xalqaro maydonda katta nufuzga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, Samarqand shahrini ilm-fan, madaniyat va me’morchilik markaziga aylantirgani uning eng katta xizmatlaridan biri bo‘ldi. U qurdirgan obidalar, ilmga e’tibor va yaratgan sharoitlar bugungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Amir Temurning davlat boshqaruviga oid qarashlari “Temur tuzuklari” asarida o‘z ifodasini topgan. Bu asar adolatli boshqaruv, intizom va davlatchilik tamoyillarining muhim manbai hisoblanadi.
Bugungi kunda ham uning harbiy strategiyasi, diplomatiyasi va boshqaruv tajribasi jahon ilm ahli tomonidan chuqur o‘rganilmoqda. Amir Temur shaxsiyati — bu faqat tarix emas, balki kelajak avlod uchun kuch, iroda va vatanparvarlik maktabi.
Uning merosi bizga buyuklikka intilish, yurtga sadoqat va adolatdan og‘ishmaslik har bir inson uchun eng yuksak fazilat ekanini o‘rgatadi.
N.Rahmonova,
O‘zA