Vatanimiz tarixidagi 4 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

973 yil (bundan 1052 yil oldin) – hijriy 362 yil zulhijja oyining ikkinchi (ba’zi manbalarga ko‘ra uchinchi) kuni jahon ilm-fani, madaniyatiga benazir hissa qo‘shgan buyuk iste’dod sohibi Abu Rayhon Beruniy tavallud topdi (vafoti 1048 yil). U Xorazmning qadimgi Kat shahrida dunyoga keldi va o‘lkada muhim tarixiy voqealar yuz berayotgan davrda yashadi. Aql, ma’rifatning buyuk timsoli bo‘lgan Beruniy yoshlikdan ilm-fanga g‘oyat qiziqdi, fanning turli sohalari bilan shug‘ullandi, Sharqning fan va madaniyatini o‘rgandi, ona tilidan tashqari arab, sug‘d, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini mukammal egalladi. Hindistonda sanskrit tilini o‘rgandi. U o‘z davridagi barcha fan sohalari bo‘yicha qalam tebratib, 160 dan ortiq asar yozdi.

Beruniy o‘zining astronomiyaga oid asarlarida Kopernikdan qariyb besh asr muqaddam Yerning Quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrni o‘rta asrlarda birinchi bo‘lib ilgari surdi. Beruniy Yerning dumaloq shaklda ekanligini asoslab berdi. U 1029 ta yulduzning koordinatlari kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalini hamda dunyoning geografik  kartasini tuzgan. Beruniy yevropalik olimlardan 450 yilcha oldin Amerika qit’asi mavjudligini taxmin qilib, o‘z asarlarida bir necha bor yozgan. U Yer aylanasi uzunligini o‘lchashda yangi usul – matematik usulni ishlab chiqdi. Beruniy birinchi bo‘lib Yer shari globusini yaratdi. 

1906 yil (bundan 119 yil oldin) – musiqashunos, pedagog, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Yan Pekker tavallud topdi (vafoti 1993 yil). Uning asarlari O‘zbekiston bastakorlik musiqa madaniyati, shuningdek, o‘zbek operasi rivoji masalalariga bag‘ishlangan.

1919 yil (bundan 106 yil oldin) – yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, davlat va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat qalamiga mansub bir pardali “Temur sag‘anasi” dramasi Mannon Uyg‘ur tomonidan Toshkent shahridagi “Rohat bog‘cha” deb ataluvchi sayilgoh sahnasida namoyish etildi. Ulug‘ sohibqiron Amir Temur nomi Fitratning o‘ttizdan ortiq ilmiy va publitsistik asarlarida tilga olingan. “Temur sag‘anasi” sahna asari uing bevosita badiiy asarlarda Temur siymosini tiriltirishga urinish niyati bilan dunyoga keldi. Dramaturgning “Temur sag‘anasi” asari juda ko‘p adabiy janjallarga sabab bo‘lgan. Uning matni hamon topilganicha yo‘q.

1937 yil (bundan 88 yil oldin) – ommaviy qatag‘on davridagi “quloqlar operatsiyasi”ning ikkinchi bosqichi boshlandi. Ko‘plab kishilar ikkinchi kategoriya bo‘yicha (birinchi kategoriya – otuvga hukm qilinadiganlar, ikkinchi kategoriya – lagerlarga surgun qilinadiganlar) qamoqqa olina boshlandi.

1973 yil (bundan 52 yil oldin) – hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida Uyg‘un asari asosida sahnalashtirilgan “Abu Rayhon Beruniy” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi. Spektaklning sahnalashtirilishi buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1000 yilligiga bag‘ishlangan edi. 

1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Xalqaro geologiya ittifoqiga qabul qilindi. Bu O‘zbekiston geologiya maktabi va uning salohiyati mustaqil davlat sifatida dunyo miqyosida tan olinganini anglatardi.

1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentdagi Mustaqillik maydoni shimolida Anhor bo‘yidagi “Turkiston” saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Undagi 3200 o‘rinli yozgi teatr qadimgi teatr maydoniga xos uslubda qurilgan.

1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«O‘zbekiston Respublikasi Qomusi»ni nashr etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 1997–2005 yillar davomida o‘zbek tilida ko‘p jildli oliy ilmiy saviyadagi “O‘zbekiston Respublikasi Qomusi”ni tayyorlash va yuqori sifatli 50 ming nusxada nashr etish belgilandi.

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy radiotexnika ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.

2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Nukus» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Qarorga ko‘ra, Ko‘krak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida tantanali topshiriladi. 

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavallud topgan kun