Buyuk ipak yo‘lidagi “Iskandar qo‘li”
Dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?
O‘zbekiston poytaxtining Shayxontohur tumanidagi “Toshkent-City” savdo markazi hududida korrupsiyaga qarshi kurash timsoli sifatida o‘rnatilgan monumentda biz buyuk shoh va sarkarda Iskandar Zulqarnayn qo‘lining ramzini ko‘rganday bo‘ldik. Gapni ham Zulqarnayndan boshlaymiz...
Dunyoning ko‘plab mamlakatlariga qilgan zafarli yurishlaridan keyin Iskandar Zulqarnayn Sirdaryoning chap qirg‘og‘idagi bugungi Xo‘jand shahriga qadar keladi. Shu yerda Iskandariya shahriga asos solib, Afg‘oniston bilan Hindiston tomon yurish qiladi. Ne-ne davlatlarni zabt etib, jang-jadaldan chiqqan Zulqarnayn o‘sha tomonda vafot etadi. O‘lim to‘shagida yotgan Iskandarning eng so‘nggi so‘zlari shunday:
– ...Yarim dunyoni fath etgan insonning “so‘nggi safari” arafasidagi qo‘llariga bir nazar tashlang, ular – bo‘m bo‘sh, kaftlar lang ochiq!” Shu so‘zlarni aytib bo‘lib, holdan toygan Iskandar ko‘zini yumadi va ajalga navbat beradi.
O‘limidan oldin Iskandar vasiyat qilgan edi: Qo‘llarimni tobutdan chiqarib qo‘ying!
Demak, odamzot bu dunyodan hech narsani olib ketolmaydi. Shunday ekan, nega korrupsiya tugamaydi? Nima uchun bilimimiz, madaniyatimiz ko‘ngildagidek emas, nima sababdan tibbiyotimiz samarasiz, dam olish, hordiq chiqarishimiz rivojlangan davlatlar darajasidan past, nimaga maoshimiz kam, nimaga ba’zan haqiqat to‘la qaror topmaydi? Biz adolatli hukm kutib qolamiz-u, ishga oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishchilik, noqonuniy munosabat aralashib, adolat o‘rniga nohaqlik, ba’zan esa qonun buzilishi, zo‘ravonlik hukm suradi.
Nimaga... nimaga... nimaga?? To‘g‘ri, bu savollarning har biriga mantiqiy javob, asos, bahona-yu sabab bor. Faqt eng yomoni, eng dahshatlisi shundaki, oramizda sanoqli bo‘lsa-da, orsiz, vijdonsiz, faqat o‘zini o‘ylaydigan, to‘g‘ri yo‘ldan toygan, befarqlik kasaliga mubtalo bo‘lgan kimsalar bor. Hatto, past-baland lavozimdagi ayrim rahbar xodimlar ham korrupsiya, pora oldi-berdisi kabi noqonuniy, jinoiy, maxfiy jarayonlarga aralashib qolgan.
Korrupsiya – toza, mahkam, mustahkam ildizlarni quritadigan qurt, temirni ham yemiradigan zang. Bu qurt bilan zang tashqi ta’sir yordamida qirib olib tashlanmas ekan, o‘zakka yetib borganda, daraxt qulaydi, temir chil parchin bo‘ladi. Tosh-u tuproqdan ajratilib, cho‘yan pechda eritib quyilgan temir po‘k kukunga aylanadi.
Tozalik bilan poklik, halollik bilan haqiqat ma’naviy boylik, davlat, deyiladi xalq tilida. Halol odam – oltin, zang olmaydi, chirish nimaligini bilmaydi. Suv, olov yoki kuch – musht bilan, qattiq tosh yoki og‘ir gap-so‘z bilan qancha ezmang, savalamang, oltin o‘z holicha qoladi, o‘zgarmaydi. Xursandchilik, baxtli onlarda esa butun husni, tarovati ila kelajakka, ezgulikka xizmat qiladi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sayti – uza.uz korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida muntazam maqolalar berib bormoqda. “Dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?” nomli yangi ruknda esa korrupsiyaga qarshi kurashda eng yaxshi natijalarga erishayotgan o‘nlik – o‘nta davlat tajribasi haqida hikoya qilinadi.
Daniya... Musulmon ayolining ismi bilan yuritiladigan bu davlat shoirona “Zangori marvaridlar mamlakati”, “Andersen ertaklari vatani”, deb ham aytiladi. Bunga qo‘shimcha tarzda Daniya – tinchlik, osoyishtalik, yuksak madaniyat va yuqori turmush tarzi uchun astoydil kurashayotgan davlat, bu mamlakatda dunyodagi eng toza, eng pokiza xalq istiqomat qilib, xuddi shunday mulozimlar faoliyat yuritishadi, demoqchi edik. Daniya korrupsiyaga qarshi kurashayotgan 180 davlat orasida birinchi o‘rinda turadi.
“Transparency International” nodavlat xalqaro tashkiloti ma’lumotiga tayangan holda, to‘la asos bilan shuni aytish mumkin-ki, bugun Daniya korrupsiya holati eng kam uchraydigan davlat, xalq va jamiyat.
Birinchi va asosiy savol paydo bo‘ladi: xo‘sh, nima uchun daniyaliklar pora olishmaydi, berishmaydi ham?
Javob oddiy: Sababi, bu davlatda har bir fuqaro, avvalo, inson qadri himoya qilinadigan, jinoyat jazosiz qolmaydigan, adolatli qonunlar hukm surayotgan davlatda yashayotganini chuqur his etadi. 5 million 800 mingdan ziyod aholi buni har kun, har soat ko‘rib, ishonch hosil qiladi. Bunday fuqaro bor kuch-qudrati, aql-idrokini vatan ravnaqiga, yaxshi ko‘rgan ishi, o‘zi tanlagan kasbiga bag‘ishlaydi, ne mashaqqat bilan erishgan martaba-yu lavozimi qadriga yetadi. Topshiriqni, majburiyatini vaqtida, qoyilmaqom qilib, vijdonan ado etadi.
Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, daniyaliklarning hammasi o‘qish va ish bilan ta’minlangan, ularning ter to‘kib topgan puli, daromadi o‘ziga, oilasiga yashash, davolanish yoki sanatoriyda dam olish uchun bemalol yetadi. Mabodo pora oladigan bo‘lsa, biladiki, bu ishi ertagayoq barchaga oshkor bo‘ladi va o‘zi qattiq jazolanadi. Bu illatga aralashib qolsa bormi, idora jamoasi orasida, mahalla-ko‘yda, oilasi, farzandlari, qo‘ni-qo‘shnisi, do‘st-birodari, qarindosh-urug‘i oldida sharmanda-yu, sharmisor bo‘ladi.
Qadimdan ma’naviy dunyosi boyligi, fe’li, tabiati, fitrati sofligi daniyaliklar hayotida muhim rol o‘ynaydi. Ular oson yo‘l bilan boylik topishga, korrupsiya kabi jinoiy ishlarga ters qaraydi. Bunday g‘alamis fikr, g‘oya ularning xayolida yo‘q, desa ham bo‘ladi. Pora beruvchi dushman bo‘lmasa ham, do‘st emasligini aniq biladi.
Ijtimoiy tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Yevropaning boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq, daniyalik respondentlarning bor-yo‘g‘i 3 foizi kundalik hayotda korrupsiyaga duch kelgan. Ko‘hna qit’aning boshqa mamlakatlarida esa bunday holatga 8 barobar ko‘p ro‘baro‘ kelishadi. So‘nggi 12 oyda 1 foiz daniyalik o‘z ixtiyori bilan yo pora so‘ragan yoki pora berishga majbur bo‘lgan. Ochiqlik, oshkoralik, odillik, ijtimoiy hayotdagi barcha voqea-hodisalar, ayniqsa korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik vakillarining teng qatnashish huquqi Daniyada birinchi o‘rinda turishi ta’kidlanadi.
Shularni o‘qib, o‘rganib yozyapman-u, bu bugungi hayotdan olis, uzoq bir xayolotdagi mamlakat emasmikan, deb o‘ylab qolaman. Goh ishonging kelmaydi. Binobarin, imonim komilki, butun dunyo xalqlari, millatlar, fuqarolar daniyaliklardek bo‘lishni juda-juda istagan, orzu qilgan, xohlagan bo‘lardi. Boz ustiga, davlat mulozimlari Daniyada yuqori darajada ijtimoiy himoyalangan qatlam hisoblanadi. Ularga jamiyatda, ish joyida ko‘plab qulaylik, imkoniyatlar yaratilgan: tibbiy xizmat bepul, ta’lim davlat hisobidan, fuqarolik haq-huquqi davlat qonunlari bilan sifatli kafolatlangan. Bularning bari odamlarni korrupsiyaga aralashishdan saqlaydi, deyishadi daniyaliklar.
Daniya, aytganimizdek, 180 davlat orasida dastlabki o‘nlik boshidan, birinchi qatordan o‘rin olgan. Xo‘sh, ikki yuzga yaqin davlat, butun dunyo ham deylik, korrupsiya botqog‘idan chiqa olmay turgan bir paytda bunday yutuqqa ular qanday erishdi? Buning asl sababi nimada, daniyaliklarning korrupsiyaga qarshi kurash usullari qanday?
Aytib o‘taylik, bu mamlakat o‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab, demak bir avlod umri – 30-yildan ko‘proq davr mobaynida korrupsiyaga, poraxo‘rlikka, noqonuniy, maxfiy oldi-berdiga qarshi kurash bo‘yicha dunyo reytingini boshqarib kelmoqda.
Haqiqatdan qochmay, yana shuni qayd etish joizki, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, Daniyada ham korrupsiya mutlaqo yo‘q, deb bo‘lmaydi. Jarayonni nazorat qiladigan, diqqat-e’tiboridan hech nima chetda qolmaydigan “Corruption Perceptions Index – CPI Transparency International” nodavlat xalqaro tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Daniyada davlat xizmatchilari korrupsiya bo‘yicha umumjahon ro‘yxatining eng quyisida joylashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bunday muvaffaqiyatning asl sababini aniqlash bilan Kopengagen unversiteti tadqiqotchilari shug‘ullangan. Natija esa Amerika iqtisodiyoti mavzusini tahliliy-tanqidiy nuqtayi nazardan yoritadigan “American Economic Journal: Economic Policy” jurnalida chop etilgan.
Birinchi sabab shuki, Daniyada davlat xizmatiga xodimlar savodli, madaniyatli, odobli, yuksak intellekt-aqlga ega bo‘lgan, dilida jamiyatga foydam tegsin, deya fidokorona mehnat qiladigan, xalqi va vatani taqdiriga befarq qaramaydigan nomzodlar orasidan “chertib-chertib” tanlab olinadi. Maxsus ishlab chiqilgan, xolisona xulosa beradigan test asosida o‘ta talabchan, jiddiy va obyektiv tanlovdan o‘tgandan keyingina, ular ishga yo‘llanadi. Xizmatga olinadigan tadqiqot guruhidagi nomzodlar sinchkovlik bilan puxta o‘rganiladi, tabiatida yolg‘on gapirishga moyilligi bor-yo‘qligiga alohida e’tibor qaratiladi. Bunday xislatlarga ega bo‘lganlar bir guruhga, qolganlar boshqa guruhga bo‘linadi. Ular orasidan davlat tashkilotlarida ishlash istagi borlari ajratiladi. Muhim masalalarni hal qilish uchun eng mas’uliyatli ishlarga alohida mas’uliyatli, tez va to‘g‘ri qaror qabul qiladigan nomzodlar tayinlanadi.
Yolg‘on gapirmaydigan nomzodlarni aniqlashda “suyak tashlash” nomli kompyuter o‘yini yordam beradi. Suyak tashlashdan ilgari har bir nomzod necha ball olishini avvaldan taxmin (prognoz) qilib yozib qo‘yadi. Bu raqam “suyak tashlangan”dan keyin kompyuterda chiqqan real ball bilan solishtiriladi. Bu nomzodning ko‘zlangan maqsadga qanchalik erisha olish qobiliyatidan, uning salohiyatidan darak beradi. Va shunga yarasha ish, lavozim tavsiya etiladi. Ta’kidlash joiz, bu kompyuter shunday dasturlangan-ki, aldamay, to‘g‘ri o‘ynagan nomzod olti imkoniyatdan bittasida albatta g‘olib chiqadi. Biroz bo‘lsa-da, yolg‘onga moymilligi bor nomzod o‘zining “uchar niyati”ni xolis kompyuterdan yashira olmaydi. Pirovardida aldagani uchun masalani to‘g‘ri yecha olmaydi va mag‘lub bo‘ladi. Nomzodga qobiliyatiga yarasha amal kursisi yoki kelgusi tanlovda yana bir bor qatnashish imkoni beriladi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, tanlovda qatnashganlardan 14 foizi to‘g‘ri so‘z, qobiliyati yuqori, davlat ishida foydalansa bo‘ladigan pokiza shaxslar bo‘lib chiqdi.
Korrupsiyaga qarshi kurash holatini tahlil qilib boradigan “Transparency International” xalqaro tashkiloti qaydiga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘rsatkichni muntazam ravishda yaxshilab, 2023-yil yakuniy indeks ko‘rsatkichi bo‘yicha 33 ball to‘pladi va 180-o‘rindan 121-o‘ringa ko‘tarildi.
I.Abduxoliqov, O‘zA sharhlovchisi
Mavzuga oid navbatdagi maqolamiz korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turgan Finlyandiyaga bag‘ishlanadi. Saytimizni kuzatib boring.