Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professorlari Rustam Xolmurodov hamda Erkin Musurmonovning shu nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti munosabati amalga oshirilgan tadqiqotning umumiy g‘oyasiga ko‘ra, qayerda ilmu madaniyat rivojlangan bo‘lsa, o‘sha yerda me’morchilik ham taraqqiy qilgan, tamaddunlar kurtak otgan. Kitobda bu masala ko‘hna Xitoy madaniyati va mifologiyasi misolida yoritilgan bo‘lib, mavzuga bu tarzda yondashish arxitektura sohasidagi tarixiy binokorlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga oydinlik kiritadi.
Xitoy binokorligidagi qayrilgan tomlar va ajdarho qiyofalarida yoki Samarqand madrasalaridagi ko‘k gumbazlar, Bahodir Yalangto‘sh qurdirgan madrasadagi yo‘lbarslar va kiyiklar tasvirlarida ham, albatta, ma’lum bir ramziyliklar bor. Milliy arxitekturadagi bunday o‘ziga xosliklarni o‘rganish ma’naviy qadriyat va tushunchalarning binolar ko‘rinishida moddiylashish jarayoni taraqqiyotini ko‘rsatib beradi. Nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham ma’lum xalqlarning madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi monografik tadqiqot ko‘rinishida o‘rganilmagan. Shu nuqtai nazardan ushbu kitobni Buyuk ipak yo‘lidagi xalqlar madaniy merosini o‘rganishda nodir manba sifatida e’tirof etish joiz.
– Buyuk ipak yo‘li kimsasiz sahrodan, shahar infrastrukturasi shakllanmagan, karvonsaroy va bozorlari yo‘q hududdan o‘tmagan, – deydi Erkin Musurmonov. – Chunki bu narsa nafaqat moddiy tovarlarning, balki olis masofalarni bosib kelayotgan karvonlardagi yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutgan. Shuning uchun Buyuk ipak yo‘li o‘tgan hududlar xaritasini belgilashda, albatta, xalqlarning madaniyati va shaharsozligi taraqqiy etganligiga e’tibor qaratish o‘rinli. Tadqiqotda Buyuk ipak yo‘lining boshida turgan Xitoy xalqining madaniy tarixi, Konfutsiy, Laotszi kabi faylasuflarning qarashlari, mifologik tushunchalar, ularning zamirida vujudga kelgan o‘ziga xos binokorlik san’ati haqida so‘z boradi. E’tiborli tomoni shundaki, Xitoy madaniyati va arxitekturasining shakllanishida Chin yurtiga borgan allomalarimizning ham xizmatlari bor ekanligi o‘z isbotini topgan. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xitoy, Markaziy Osiyo, Rossiya, Kavkazorti va Yevropaning savdo yo‘llari bilan tutash hududlaridagi xalqlarning badiiy-falsafiy dunyoqarashi va uning binokorlikka ta’siri masalasiga bag‘ishlangan ilk tadqiqot yaqin kelajakda Yevropa universitetlaridagi kabi insoniyat falsafasi, badiiy qarashlari va binokorligining umumiy qonuniyatlarini o‘rganuvchi yangi sohaga asos soladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, bugungi kunda universitetda “Buyuk Ipak yo‘li xalqlari madaniy va adabiy merosi” ilmiy - tadqiqot markazi tashkil etilgan. Ilmiy markazda Xitoy Konfutsiy instituti granti asosida filologiya fanlari doktori E. Musurmonov muallifligida “Buyuk ipak yo‘lida qadimgi o‘zbek-xitoy adabiy aloqalari” (xitoy tilida) monografiyasi va markazning “Buyuk ipak yo‘li xalqlari madaniy va adabiy merosi” nomli granti asosida mazkur monografiya nashr etildi. Buyuk Ipak yo‘lining aynan O‘zbekiston hududidan o‘tganligini ilmiy asosda madaniy, adabiy va arxitektura yodgorliklari yordamida isbotlash va uni o‘quv jarayoniga tatbiq qilish maqsadida SamDU magistrantlari uchun maxsus “Buyuk ipak yo‘li madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” ixtisoslik fani dasturi ishlab chiqildi va bu fan magistrlarning 2021-2022 o‘quv yili uchun o‘quv rejasiga kiritilib o‘qitildi. Ayni paytda universitetning ijtimoiy gumanitar yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavrlarga ham mazkur fan o‘qitilishi ko‘zda tutilgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA