Buyuk ilm merosidan — raqamli kelajak sari
Bir zamonlar Xorazmiyning hisoblash usuli, Beruniyning astronomik tadqiqotlari, Ibn Sinoning tibbiy asarlari dunyo ilm-fani taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Bugun esa ana shu buyuk allomalar yurtida ilm-fan va texnologiyaning yangi davri shakllanmoqda. Endi bilim va kashfiyotlar raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalar bilan uyg‘unlashmoqda.
O‘zbekiston bugun raqamli taraqqiyot yo‘lida katta qadamlar tashlamoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatda zamonaviy raqamli infratuzilma yaratilib, texnologiyalar odamlar hayotining kundalik qismiga aylanib bormoqda.
Buni oddiy bir misolda ham ko‘rish mumkin: mamlakatimizdagi barcha maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va mahalla binolari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi.
Mobil internet qamrovi 66 foizdan 98 foizga oshdi. Bir vaqtlar qimmat hisoblangan mobil internet bugun dunyodagi eng hamyonbop xizmatlardan biriga aylandi. So‘nggi 5 yilda internet tezligi bo‘yicha 65 ta davlatni ortda qoldirdik, narxlar bo‘yicha esa dunyoda 22-o‘rinni egalladik.
Raqamlashtirishning eng katta samarasi esa insonning vaqtini tejashda ko‘rinadi. Bugun fuqarolar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun idorama-idora yurib, navbat kutishi shart emas. Qariyb 900 ta davlat xizmatini my.gov.uz orqali onlayn olish mumkin.
Shu bilan birga, 150 dan ortiq turdagi hujjatni taqdim etish talabi bekor qilindi. Agar avval davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga borish talab etilgan bo‘lsa, bugun fuqarolar va tadbirkorlarning 90 foizi xizmatlardan onlayn foydalanmoqda.
Bu natijalar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. O‘zbekiston Jahon bankining GovTech Maturity Index reytingida dunyoda 9-o‘rinni egalladi.
Raqamli transformatsiyaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri, shubhasiz, sun’iy intellektdir. O‘zbekistonda bu borada ham ishlar jadal davom etmoqda.
Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi doirasida qariyb 100 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
20 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilmoqda. Ularning asosiy vazifasi — ilm-fanni amaliyot bilan bog‘lash, yoshlarni zamonaviy texnologiyalarga jalb etish va real ishlab chiqarish masalalariga texnologik yechim topish.
Bu borada xalqaro hamkorlik ham kengaymoqda. NVIDIA bilan hamkorlikda davlat loyihalari uchun zamonaviy GPU-klaster ishga tushirildi. Xorijiy investitsiyalar hisobidan qiymati 3 milliard dollargacha bo‘lgan sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan yashil data-markazning birinchi bosqichi barpo etilmoqda.
Sun’iy intellekt sohasidagi bu qadamlar mamlakatning xalqaro mavqeida ham o‘z ifodasini topmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Government AI Readiness Index reytingida 62-pog‘onaga ko‘tarildi.
Raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi O‘zbekistonni xorijiy texnologiya kompaniyalari uchun ham tobora jozibador mamlakatga aylantirmoqda.
Buni raqamlar yaqqol ko‘rsatadi. 2017-yilda xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni atigi 4 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugun mamlakatimizda har oyda 70 dan ortiq kompaniya IT Park rezidentiga aylanmoqda. E’tiborlisi, bu jarayon nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham faol kechmoqda.
Bugun IT Park rezidentlari soni qariyb 4 mingtaga yetdi. IT xizmatlari eksporti geografiyasi esa 100 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan. Eksport hajmi 1,1 milliard dollardan oshdi.
Startaplar sohasidagi natijalar ham O‘zbekistonning raqamli ekotizimi tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
StartupBlink reytingida mamlakatimiz startap ekotizimining o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egallab, «Yil mamlakati» deb e’tirof etildi.
Texnologik biznes uchun qulay muhit yaratish maqsadida ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi Enterprise Uzbekistan Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ham tashkil etildi.
Har qanday texnologiya ortida, avvalo, inson va uning bilimi turadi. Shu bois O‘zbekistonda raqamli taraqqiyotning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — zamonaviy kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugun IT mutaxassislarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari soni 145 taga yetdi.
Mamlakat bo‘ylab IT Parkning 1000 dan ortiq ta’lim rezidenti yoshlarga zamonaviy raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatmoqda.
«5 million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi doirasida allaqachon 1 milliondan ortiq kishi ta’lim oldi. Ularning yarmiga yaqinini ayollar tashkil etmoqda.
O‘zbekistonliklarning zamonaviy bilimlarga qiziqishi xalqaro platformalarda ham yaqqol ko‘rinmoqda. Coursera platformasida zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha onlayn ta’lim olayotganlar ulushi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 1-o‘rinni egalladi.
Ayniqsa, ayollarni sun’iy intellekt sohasiga jalb etish borasidagi natijalar diqqatga sazovor. AI kurslaridan foydalanuvchilarning 58,9 foizini ayollar tashkil etmoqda. Bu natija O‘zbekiston tajribasining xalqaro miqyosda namunaviy amaliyot sifatida e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonning ilm-fan va texnologiya sohasidagi yangi salohiyati joriy yilda yana bir muhim voqeada namoyon bo‘ldi.
Mamlakatimiz ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasi — IOI 2026ga mezbonlik qildi. Nufuzli musobaqada rekord darajadagi ishtirokchilar jamlandi.
Bu raqamlar va natijalarning har biri ortida katta maqsad bor. Bu — yoshlarga zamonaviy bilim berish, ilm-fanni texnologiya bilan bog‘lash, yangi startaplarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonni raqamli iqtisodiyotda raqobatbardosh mamlakatlar qatoriga olib chiqish.
Buyuk ajdodlarimiz o‘z davrida ilm-fan chegaralarini kengaytirgan bo‘lsa, bugungi avlod ular qoldirgan ilmiy merosni raqamli texnologiyalar bilan davom ettirmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA