Buyuk farzand
Respublika gazetalari sahifalarida
Tursunali (Rauf Parfi) Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida dunyoga kelgan bo‘lsa-da, ota-bobolarining asl ildizi, ko‘pchilik sho‘ralisoylik¬lar kabi Farg‘onaning jannatmakon Vodilidan edi. “Sho‘ralisoy” qishloq sovetining “temir daftari”da qayd etilishicha,“Tursunali Parpiboy o‘g‘li Madaminov 1943 yil 27 sentyabr kunida tug‘ilgan...” Boshlang‘ich ta’limni Sho‘ralisoyda olgan Tursunali 1960 yilda Yangiyo‘l shahridagi Alisher Navoiy nomli o‘rta maktabni tugallaydi va o‘sha yili ToshDUning filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kiradi...
Ne baxtki, 1960-65 yillarda 43 talaba uchun “Tursunali Parpiyev” bo‘lib o‘qishga kirgan va “Rauf Parfi” bo‘lib universitetni tugatgan, “Majnun va Layli”ga monand “Rauf va Laylo” bo‘lib el og‘ziga tushgan afsonaviy shoirga avvaliga besh yillik kursdosh, keyinchalik bir umrlik do‘st-qadrdon bo‘lish bizga taqdir tuhfasi bo‘lib qoldi.
Biz, kursdoshlar bir umr tilimizni to‘g‘rilay olmadik, sut bilan kirgani jon bilan chiqadi, deganlari rost ekan, u biz uchun hamishalik qadrdonimiz Tursunali bo‘lib qoldi va “Rauf” esa ilohiy bir nom edi. “Hammaga birday yoqish – hammabop bo‘lish mumkin emas” deganlari ham, nazarimda, unchalik to‘g‘ri emas, bunga Tusunali yaqqol misol bo‘la oladi, u kursdoshlarning hammasi uchun birday yoqimtoy edi va mudom xayolchan bo‘lgan shoir darsga kechikibroq kelar, har mahal auditoriyaga bosh suqqanida uni o‘z yoniga chorlovchilar bisyor bo‘lardi. Uning yana bir ajoyib xislati – qizlar va yigitlar bilan bab-baravar “do‘st” edi. Lekin u kirish imtihonlari kunlari – dastlabki mashg‘ulotlarda ko‘pchilik bilan ancha barvaqt do‘stlashganini bilganmiz, albatta.
“Hammaboplik”ning, unga intilishning boisi bitta – Tursunalining jahon adabiyotini yaxshi bilganligi, turk adabiy dunyosi bilan oshnoligi, tirik kutubxona – tirik xazina ekanligida edi! Tabiatan yumshoqligi, tabiiy xokisorligi edi!
Auditoriyalarda Tursunalining muqim bir “partasi” yo‘q edi, yoniga taklif qilganlardan hech birining ko‘nglini qoldirmasdi va dars oxirida hamsoyaning “konspekt daftari”da, albatta, unga yoqadigan she’riy satrlar “esdalik” bo‘lib qolardi. Bunga guvoh kursdoshlarimiz – Nazira Qozoqboyeva, Gavhar Fayziyeva, Gulchehra Oxunova, Ra’no Abdullayeva, Ruzvon Safarova, Maxsuma Umarova, farg‘onalik Mukarrama va marhum Sanobar Qurbonovalarning daftarlari hoshiyasi bot-bot shoh satrlar bilan bezalgan bo‘lardi. Hatto 3-kursdaligimizda dunyoga kelgan mashhur “Laylo” qo‘shig‘ining she’riy matni ham dastlab dars mashg‘ulotlari orasida “partadosh” qizning daftariga bitilgan va, eng qizig‘i, “Laylo”ning bir qancha varianti bo‘lgan...
Tabiiyki, “Laylo” shoirni keng jahonga tanitdi, deb aytish mumkin. Qariyb oltmish yildirki, bu qo‘shiq xit. Uni dastlab kursdoshimiz I-guruh nogironi Fozil Usmonov favqulodda mahzun ohangda nolish qilardi.
ToshDU filologiya fakulteti o‘zbek va rus guruhlarini qo‘shib hisoblaganda qariyb besh yuz chog‘lik talaba “batalioni” Bo‘ka tumanida paxta hasharida bo‘ldik, o‘sha yillar “Mash’al” radiokanalining bosh muharriri Rustam Rahmonov (joylari jannatda bo‘lsin) radioda “praktika” o‘tagan buxorolik qiz uning aqlini o‘g‘rilagan, uni ko‘rish uchun bechora “oshiq” jurnalist toqqami-sahrogami, Ruzvonoyning iziga tushib, “boshi og‘ib” ketaverardi.
Oshiq 1963 yil kuzida paxta dalamizga “mehmon” bo‘lib keldi va har kungiday o‘sha oqshom ham yarim tungacha gulxan atrofida she’rxonlik, monolog, intermediya, o‘yin-kulgu, qo‘shiq bir-biriga ulandi. Oradan sal o‘tmay, 1963 yil oktyabr kunlari “Mash’al” kanalida bizdan bir kurs quyida o‘qisa-da, Tursunali tufayli “kursdoshimiz”ga aylangan Dadaxon Hasanov ijrosidagi “Laylo” birinchi bor efirga taraldi!..
O‘shanda jurnalist Rustam Rahmon tilidan birinchi bor she’r muallifi – “bizning Tursunali” rasman “Rauf Parfi” deb tanishtirildi! Rauf Parfi nom ostidagi shoir tug‘ildi va uning barobarida “Layli va Majnun” dostonidan aslo kam bo‘lmagan “Rauf Parfi va Laylo afsonasi” dunyoga kelib, mana, salkam oltmish yildirki, kun sayin yangi-yangi rang va jilolar olib, avj pardasiga chiqdi. “Rauf va Laylo”ning hayotiy qirralari haqida “voqeiy qissa”lar to‘qilib, ularning yangi-yangi manzillari tilga olindi.
Yillar o‘tib Rauf o‘z hayot tarzi bilan ham internetning va kun sayin avj olib borayotgan “sariq matbuot”ning afsonaviy qahramoniga aylandi... Lekin butun umri – millat, vatan dardi bilan hayqirib o‘tgan Rauf Parfi bu afsonalarning birontasiga jiddiy e’tibor bermas, “quloq bizniki bo‘lsa-da, og‘iz ularniki” degan aqida bilan yashardi...
Yuqorida “Laylo”ning bir qancha varianti bor dedik, ammo uning maromida, yuksak did bilan aytilgani bitta. Ushbu sahifada “Laylo”ning asl matni berilmoqda.
Son-sanoqsiz oddiy havaskorlardan tortib, noyob ovoz sohibi Tavakkal Qodirovga qadar aynan shu “Laylo”ni kuyladilar, xonanda Ilhomjon Farmonovgina marhum shoirning “tili va ko‘zi yo‘q”ligi tufaylimi, quyma satrlarni bir necha o‘rinda qaychilab, o‘zlaricha “qayta ishlab” aytishga jur’at etdi: ekranlarda ushbu “qaychilangan ijro” davom etmoqda.
Tabiiyki, shoirning tirikligida qanot qoqqan, o‘z paytida Tavakkal Qodirov, Dadaxon Hasanovlarning ijrosida maromiga yetkazib ijro etilgan ijro hali-hanuz noyob.
Qariyb 60 yildirki, Rauf Parfining she’rlari odamlar tilida yashamoqda. Rauf Parfi bizni tark etganiga ham 16 yil bo‘ldi. U nafaqat o‘zbek, balki umumturkiy she’riyat ixlosmandlarining qalbida yashamoqda. Milliy bog‘da qad rostlagan Adabiyot xiyobonida Rauf Parfining safdoshlari, do‘stlari va hatto shogirdlarini ko‘rib quvonamiz, albatta. Shu asnoda “Rauf Parfining o‘rni faqat yuraklarda!” deya o‘zimizga taskin beramiz.
O‘tgan Hayit bayramlarining biri arafasida shoir xilxonasi obodonlashtirildi, qora marmar – gabrodan yasalgan oqsoch suvrati zarb etildi. Ulug‘ ayyom kunlari, tabiiyki, bundan buyuk shoirning ruhi shod bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Bu xabardan Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, Muhammad Yusuf, Tog‘ay Murod, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Mamadali Mahmudov, Nosir Fozilov, Shavkat Rahmon, Gulchehra Nurullayeva kabi va yana qanchadan-qancha buyuk adiblarimiz, xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Jamol Kamol, Oydin Hojiyeva, Xurshid Davron, Halima Xudoyberdiyeva, Abdukarim Bahriddin, Zulfiya Mo‘minova, adabiyotshunos Ibrohim Haqqul kabi ziyolilarimiz quvongani rost.
Beshinchi yildirki, ona Vatanimiz adolat quyoshidan asta-sekin, birin-ketin bahramand bo‘lmoqda! O‘tgan yili muhtaram Prezidentimiz buyuk ijodkorlar – Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov va Muhammad Yusuflarning turmush o‘rtoqlarining ko‘ksiga Vatanning yuksak ordenlarini taqib qo‘ydilar. Buning ma’no va mantig‘iga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q! Bu dunyoni armon bilan tark etgan buyuk ijodkorlarning dardi, alami va adolatsizlik zahmatini ularning zukko va ayni paytda mushtipar ayollari bab-baravar tortmaganmi, yurakdan o‘tkazmaganmidi?! Bu o‘sha zahmat chekkan yuraklarga malham edi!
Avvallari shoirning xoki qayerdaligini ko‘pchilik yaxshi bilmasdi, bugun Rauf Parfini sog‘ingan she’riyat shaydolari Toshkentning Minor qabristoniga oqib bormoqda, matbuotda shoirni qayta kashf etish boshlandi. Bugun Rauf Parfi boshida adolat quyoshi yangidan porlagan kun bo‘ldi. Bu quyoshning mualifi – Yangi O‘zbekistondir! Shubhasiz, Rauf Parfi o‘z so‘zi va qalami bilan adolat uchun kurashdi, haqiqatni aytish payida bo‘ldi. O‘ylaymizki, u she’rlari orqali barcha aytajak fikrlarini aytib ulgurdi va o‘zidan katta adabiy meros qoldirdi.
“Nuroniy” gazetasida xalqimizning yetuk farzandi Rauf Parfi she’rlaridan berishga qaror qildik. O‘ylaymizki, ushbu she’rlar shoirning qalb kechinmalari, adabiyot muxbirlariga aytar so‘zi bo‘lib, abadiy qoladi.
She’riyat
Dilu jon o‘rtanar, dil orom izlar,
Ilhomning pichog‘i sanchilar butkul.
Lovullab yonmoqda oylar, yulduzlar,
Orzumning quyoshi bo‘lmoqdadur kul.
Rom etmas hech narsa. Sahrodir ko‘ngil.
Osmonlarga faqat afsona so‘zlar
Malomat toshida ochilgan bir gul,
Dam o‘tmas kular ul, dam o‘tmas bo‘zlar.
Injigan sevgiga yo‘qdir tasallo,
Lol boqdim quyoshning so‘niq ko‘ziga.
Olisda yalt etgan oy yo‘q, yulduz yo‘q.
Ruhimda eng so‘nggi ilinj bor, ammo,
Oh, qanday qarayman uning yuziga?
Menda majol yo‘qdir, menda bir so‘z yo‘q.
* * *
Bir kun yo‘lga otlansam tanho,
Bu yerlarda ne kechar holing?
Ko‘cha poylab har subhi sabo,
Allanarsa tuyar xayoling.
Mening holim uchun sen yig‘lab,
Judolikka bo‘lursan iqror.
Balki, meni kelar deb o‘ylab
Darbozaga boqursan bekor.
Na chora bor? Ayriliq og‘ir,
Ketar bo‘lsam, boshlasa yo‘lim.
Unda, jonim... bir kuni, axir,
Meni senga topshirar o‘lim...
Laylo
Balki o‘chgandirman yodingdan,
Shirin xayolingni buzdimmi?
Laylo, Laylo, sening yoningda
Ko‘rmoqchiydim bir dam o‘zimni.
Dilnavozim, dilafgorim,
Yoningga uchay, Laylo-o!
Senga yolg‘iz saqlaganim
Qalbimni ochay, Laylo-o!
Agar ishqimni rad etsang,
Qaylarga qochay, Laylo-o?!.
O-o-o, Laylo!..
Yana paydo bo‘ldim yo‘lingda,
Yo‘llaringda yana bo‘zladim.
Bechora qalb sening qo‘lingda,
Ko‘zlaringda mening ko‘zlarim...
* * *
Juda baxtli eding u bilan,
Jahonni to‘ldirib yurarding.
Sen o‘shani o‘ylaysan hamon,
O‘sha bilan banddir yuraging.
Uning bilan kechgan damlardan
Senga qolgan shirin xotira.
Mening esa achchiq g‘amlardan
Tortib ketdi ko‘zlarim xira.
Lekin sevgim joy topolmadi
Xotiralar yotgan qalbingdan.
Sen uni hech unutolmading,
Men ham kecha olmasman sendan.
* * *
G‘unchalar pushtirang va za’far
Zangori yaproqlar shahrida.
G‘unchalar orzumdek har safar,
G‘unchalar qalbimning bag‘rida...
Qalbimning bag‘rida bir jahon
G‘aroyib ertaklar aytadi.
Men qaytib kelmasman hech qachon,
G‘unchalar, albatta, qaytadi.
* * *
Qanday go‘zal, qanday lojuvard,
Xayol kabi ko‘rinar jahon...
Lekin mening yuragimda dard,
Mendan xafa bo‘lmang, onajon.
Uxlamasman tonggacha, ona,
Tongda chiqar yorim begumon.
Ko‘zingizga uyqu begona,
Mendan xafa bo‘lmang, onajon.
Sevganimning yoniga boray,
Yuragimda qolmasin armon.
Unga yig‘lay, unga yolboray,
Mendan xafa bo‘lmang, onajon.
Ishq yor bo‘ldi munis ko‘nglimga,
Meni ado etdi ul jonon.
Ko‘z tutmangiz endi yo‘limga,
Mendan xafa bo‘lmang, onajon.
* * *
Izlaysanmi sen-da bir panoh,
Hech tinarmi bu kuy, bu og‘riq?
Ehtimolki, bekordir, e voh,
O‘rtanishing bu qadar, bag‘rim?!
Kerak emas, balki yonishing,
Qayg‘ularing kerak emasdir?
Hayotingning butun yozmishi
Bir nafasdir, eh, bir nafasdir.
O‘ychan kecha tun ichra tanho,
Rauf Parfi, qoldik ikkovlon.
Biz mehrga to‘ymadik aslo,
Bir yorug‘lik izlaymiz hamon...
* * *
Favvora
Ko‘p og‘ir ko‘rinar uxlashing.
Bugun... senga tushganda ishim.
Faqat sening... yig‘lashing yaxshi,
Yaxshi edi sening yig‘lashing.
Nechun jimsan bugun, favvora?
Dunyoda yo‘q edi o‘xshashing,
Go‘yo tiniq, toza gul eding.
Ko‘z yoshlaring tingan. Kul endi!..
Yaxshi edi sening yig‘lashing...
Nechun jimsan, axir, favvora?..
* * *
Butun kecha o‘ychan va sokin,
Xona ichra qolmishdik tanho.
Bir telbalik ruhimga hokim,
Shunday hokim ruhimga sen ham.
Ohang oqar. Devorda suvrat.
Moviy dengiz ustida kema...
Tanholigu o‘rtada hurmat
Va sevgiga o‘xshash bir nima.
Men o‘ylayman, nedan boshlay gap,
Sen o‘ylaysan, ne qilay javob?
Na kuladi, na yig‘laydi qalb,
Qarashlarda yaxlagan sarob.
Butun kecha o‘ychan va sokin,
Xona ichra qolmishdik tanho.
Men demadim sevaman seni,
Sevolmayman demading sen ham.
* * *
Aldov
Alda meni, sevgilim,
aldab yashash oson,
Mardi maydon deb ayt,
saxovatli deb aytgin,
Hattoki zo‘r shoir deb ham
aytaver, mayli,
O, yo‘qdan bor qilursan deb
aytgin, ishontir,
Mayliga, dunyoda tenging yo‘q
deb aytaqol!
Alda meni, sevgilim,
aldab yashash oson,
Dunyoda eng go‘zal sensan
deyman-ku men ham,
Dunyoda eng shafqatli sensan
deyman, sen, sen
Deyman-ku dunyoda sensan eng
vafoli yor,
Deyman-ku yo‘q narsalarni
talab qilmassan,
Alda meni, aldayver.
Aldab yashash oson!
Sharof UBAYDULLAEV,
Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi
raisining o‘rinbosari,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi.
(“Nuroniy” gazetasining 2021 yil 9 iyun sonidan olindi).