Buyuk elning yangi ovozi
Kecha oʻzbek xalqining siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida ulkan tarixiy voqea sodir boʻldi.
Yoxud yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqini tinglab...
Kecha oʻzbek xalqining siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida ulkan tarixiy voqea sodir boʻldi. Mamlakatimizning shonli oʻtmishga zarhal harflar bilan bitiladigan asosiy voqelik shuki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining minbarida ilk bor oʻzbek lideri oʻz ona tilida, yaʼniki buyuk ajdodlarimiz soʻzlagan tilda dunyo hamjamiyatiga murojaat qildi.
Albatta, ushbu hodisa oʻzbek xalqini faxru iftixor tuygʻusi bilan chulgʻashi bilan birga xalqaro maydondagi chinakam strategik sheriklarimizni xursand qildi. Bu haqda Afgʻoniston milliy islomiy harakati asoschisi, Afgʻoniston oʻzbeklari rahbari marshal Abdul Rashid Doʻstum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sivilizatsiyalar alyansi ishlari boʻyicha Turkiya milliy muvofiqlashtirish kengashi raisi Bekir Karliga, Hindistonning Jamiya Milliya Islomiya universiteti professori Shahid Taslim alohida eʼtirof etib, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu nutqini oʻzbek xalqi tarixining yangi yuz yillikdagi asosiy voqealaridan deb baholashdi.
Yurtboshimizning dunyo hamjamiyatiga oʻzbek tilidagi mazkur murojaatini buyuk elning yangi ovozi desam aslo mubolagʻa qilmagan boʻlaman!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi birgina shu jihati bilan ahamiyatli emas.
Prezidentimiz ushbu nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish haqida Tashkilot Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, tashkilot shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish, shuningdek qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammit oʻtkazish kabi gʻoyalarni ilgari surdi.
Jahon xalqlari koronavirus pandemiyasini boshidan kechirayotgan, butun dunyoda qashshoqlik xavfi ortib borayotgan pallada yurtboshimizning ushbu takliflari dunyoning qator siyosatchilari tomonidan alohida eʼtirof etildi. Va bu borada Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar qashshoqlik va pandemiya inqirozining oldini olishda eng toʻgʻri yoʻl ekanligi alohida taʼkidlandi.
Jumladan, Polsha Parlamenti quyi palatasi deputati Pavel Beyda: “Kambagʻallikni bartaraf qilish Oʻzbekiston prezidenti siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Buni Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida kambagʻallikka qarshi kurashish va kambagʻallikni yoʻq qilish masalasini koʻtarib chiqishi va ushbu mavzuga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish boʻyicha tashabbusi tasdiqlab turibdi.
Bugungi pandemiya davrida kambagʻallik va qashshoqlik masalasi yana-da keskinlashdi. Oʻylaymanki, prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur tashabbusni ilgari surib, dunyo yetakchilarini yangi chaqiriqlar va imkoniyatlarni hisobga olgan holda BMT va aʼzo davlatlarning ushbu sohadagi ustuvor vazifalari va maqsadlarini qayta koʻrib chiqishga va toʻldirishga undamoqda” – deya alohida qayd etdi.
Yurtboshimizning qambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlarining xalqaro siyosiy sahnada alohida eʼtirof etilishi bejizga emas.
Birgina chorvachilik tarmogʻida shu yilning oʻtgan davri mobaynida Kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat dasturiga asosan kooperatsiya usulida Fargʻona viloyatida 1,3 ming nafar aholiga 255 ming bosh parranda, Namangan viloyatida 3 ming xonadonga 1 mln. bosh parranda, 98 nafar xonadonning har biriga ming boshdan jami 98 ming bosh bedana, Andijon viloyatida 14,1 ming aholiga 2,8 mln bosh parranda tarqatildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Andijon viloyatining qoramolchilikdagi tajribasi misolida kooperatsiya usulida xonadonlarda qoramol boqish loyihalari tashkil etildi. Natijada klaster korxonalarining kooperatsiyalariga aʼzo boʻlgan 74 nafar xonadonga 3 ming boshdan oshiq qoramol yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish dasturi doirasida oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda 720 dan ortiq yangi loyihalar ishga tushirildi. Ularning negizida 6 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shu bilan birga chorvachilik tarmoqlaridagi 409 ta loyihaga asosan 4,2 mingdan ortiq, parrandachilik tarmogʻidagi 154 ta loyihaga asosan 880 ta, baliqchilik tarmogʻidagi 172 ta loyihaga asosan 700 dan ortiq va quyonchilik tarmogʻidagi 151 ta loyihaga asosan 300 tadan ortiq qoʻshimcha ish oʻrini yaratildi.
Bu yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlarining chorvachilik tarmogʻidagi dastlabki bosqichi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mutaxassislari tomonidan bu borada yangi loyihalar ustida ish olib borilayotganligini, yaqin kelajakda ushbu loyihalar ishga tushirilib, bugun dunyo siyosatchilari eʼtirof etayotgan kambagʻallikni tugatish borasidagi davlatimiz rahbari boshlab bergan islohotlarni jadal davom ettirishimizni alohida qayd etib oʻtmoqchiman.
Bahrom NORQOBILOV,
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish
davlat qoʻmitasi raisi