Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Britaniyada ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganligi sababli hukumat tomonidan ajratilgan kvota doirasida O‘zbekistondan mehnat migrantlarini tartibli va uyushgan tarzda mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish imkoniyatlari mavjud. Yurtimizdan jalb etiladigan mehnat migrantlarining rekruting jarayonida huquq va manfaatlari britaniyalik ish beruvchilar tomonidan buzilmasligi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi. Buyuk Britaniya Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalalari departamenti 30 mingga yaqin mavsumiy ishchi uchun vizalarni 2024 yilga qadar uzaytirgan. Zarurat tug‘ilsa, ularning soni 40 mingga yetkaziladi.
Xo‘sh, Buyuk Britaniyaga ishga ketish tartibi qanday?
Mazkur savol yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi Bobur Temurboyev quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda Buyuk Britaniyada tajribali qassoblarga talab mavjud. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Buyuk Britaniyadan mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari va go‘sht mahsulotlari bo‘yicha sifat nazorati sohasi bo‘yicha talabnomalar olgan. Kelajakda yangi ish beruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatish va O‘zbekistondan migratsiya oqimini kengaytirish bo‘yicha ishlanmoqda
Shu sohalarda tajribaga ega nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishi mumkin. Bunda nomzodlardan xorijga chiqish biometrik pasporti va o‘z elektron pochtasiga ega bo‘lishi so‘raladi.
Ish vaqti kuniga haftasiga 32 soatdan boshlab, 40- 45 soatlargacha davom etishi mumkin. Taklif qilinayotgan ishlar mavsumiy bo‘lganligi sababli maoshlar haftalik to‘lov shaklida to‘lab beriladi.
Suhbatlar rus tilida olib boriladi. Buyuk Britaniyaga ishga ketish uchun xorijda yurgan o‘zbekistonlik fuqarolar ham onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ammo nomzod ish beruvchi bilan suhbat jarayonida o‘zi ishtirok etishi shart.
Barcha bosqichdan muvaffaqqiyatli o‘tgan nomzodlar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xizmati, o‘qitish va ko‘niktirish uchun BHM ning 5 baravari miqdoridagi hamda viza to‘lovini, shuningdek, 330 £ aviachipta xarajatlarini amalga oshiradi.
Bugunga qadar mamlakatimizdan Buyuk Britaniyaga 2000 nafardan ortiq fuqaro ishlash uchun yuborilgan.. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, agar nomzodda O‘zbekistondan chiqish yoki Buyuk Britaniyaga kirish bilan bog‘liq boshqa muammo bo‘lmasa, elchixona tomonidan viza o‘z vaqtida rasmiylashtirib beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA