Buyuk Britaniya yana YeIga qaytadimi? (+video)
Buyuk Britaniya YeIdan chiqish uchun ovoz berganiga 10 yil bo‘ldi. Bu qaror mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan ko‘p yillik hamkorligiga nuqta qo‘ygan edi. Hozir esa ko‘plab britaniyaliklar breksitni ya’ni Britaniyaning YeI dan chiqishini xato deb hisoblamoqda, ammo Britaniyaning tez orada YeIga qaytishi ehtimoli juda past, deyiladi VVS nashri tarqatgan xabarda.
So‘rovlarga ko‘ra, britaniyaliklarning deyarli 60% breksitni xato deb baholaydi. 55% mamlakatning yana Yevropa Ittifoqiga qaytishini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo avvalgi imtiyozli shartlarda qaytishni istaydi.
Breksitgacha Britaniya YeIda maxsus imtiyozlarga ega edi. Masalan, yevroni qabul qilish va Shengen hududga kirish majburiyati yo‘q edi, bundan tashqari ularga a’zolik badali ham kamaytirilgan edi. Endi esa, bunday yengilliklar yo‘q va Yevropa Ittifoqi ularni Britaniyaga yana qayta berishiga ishonchi yo‘q.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, breksitdan keyin YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlarga imtiyoz berishga munosabat keskin o‘zgargan.
Buyuk Britaniya jamoatchiligi YeI bilan yaqinlashishga tayyor, lekin bu bojxona ittifoqi va yagona bozorga to‘liq qaytish shartlarisiz, deyishmoqda.
Iqtisodiy tahlillarga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi iqtisodiyotni 4–8% ga zaiflashtirgan bo‘lishi mumkin. Boshida bu chiqishni qo‘llab-quvvatlaganlar migratsiyani kamaytirishni va iqtisodiy nazoratni kuchaytirishni va’da qilgan edi, ammo natija kutilganidan teskari bo‘ldi.
2016-yilda migratsiya asosan Yevropa davlatlaridan kelgan bo‘lsa, keyingi yillarda Hindiston va Niger kabi mamlakatlar yetakchi manbaga aylangan. 2022–2024-yillarda migratsiya hajmi 2 million kishiga oshgan.
Yevropa Ittifoqi ham Britaniyani qayta qabul qilishga shoshilmayapti. Bryussel uchun asosiy masalalar Ukraina urushi, AQSH va Xitoy bilan munosabatlar, ichki bozorni mustahkamlash bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, Britaniya siyosiy maydonida hanuz breksit tarafdorlarining ta’siri kuchli. Agar ular qayta hokimiyatga kelsa, YeI bilan har qanday yaqinlashuv to‘xtatilishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, Britaniyaning YeIga qaytishi hozircha kun tartibida emas, ammo masala butunlay yopilmagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8Yws_RKb0w8" title="Buyuk Britaniya yana Yevropa Ittifoqiga qaytadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA