Bugun poytaxtimizda o‘tkazilgan ushbu anjuman O‘zbekistondagi Britaniya kengashi va Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Buyuk Britaniya universitetlari bitiruvchilari, "Chevening" stipendiya dasturi g‘oliblari, "Study UK Alumni Awards” sovrindorlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi o‘rinbosari Jeyms Royed-Mur, Britaniya kengashining O‘zbekistondagi direktorio‘rinbosari Jamila G‘ulomova ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirib, Buyuk Britaniya bitiruvchilar tarmog‘ining ahamiyati va uning mamlakatimiz ta’lim tizimiga qo‘shgan ijobiy hissasini alohida ta’kidladi.
Unda aytib o‘tilganidek, mazkur tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarga kasbiy rivojlanish va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etish hamda O‘zbekistonda Buyuk Britaniya bitiruvchilari tarmog‘ini mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, bu tadbir ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar turkumi boshlanishidir.

–Buyuk Britaniyada ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bunga O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak va xalqaro hamkorlikka qaratilgan e’tibor katta turtki bermoqda. 2020-2021 o‘quv yilida Buyuk Britaniyada tahsil olgan 615 nafar o‘zbekistonlik talabadan 115 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi sohiblari bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 250 dan ortiq "Chevening" dasturi bitiruvchilari, 11 nafar "Hornby" stipendiyasi bitiruvchilari va 2 nafar STEM sohasidagi ayol-qizlar stipendiyasi sovrindorlari mavjud, – dedi J.G‘ulomova.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi transmilliy ta’lim bozori o‘sishda davom etmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 10 ta Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikning ahamiyatini ham alohida qayd etish lozim.
Shuningdek, tadbirda mahalliy va xorijiy mutaxassislar sun’iy intellektni rivojlantirish ko‘nikmalarini kelajakda joriy etish va turli sohalardagi biznes tizimlarini takomillashtirishga uning ta’siri haqida fikrlar bildirdi.
Zamonaviy biznes standartlarigamoslashuvchanlik, ishonch uyg‘otish, odob-axloq vaaloqalarni mustahkamlash kabi liderlikningsifatlari ham muhokama markazida bo‘ldi.
–Britaniya universitetlarida tahsil olgan bitiruvchilarimiz o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvi davom etayotganini kuzatish nihoyatda ajoyib, – dedi Jeyms Royed-Mur. – Ularning uzluksiz ta’lim va kasbiy rivojlanishiga bo‘lgan qiziqishi haqiqatan ham ilhomlantiradi va O‘zbekistondagi bitiruvchilar tarmog‘imizni belgilaydigan hamkorlik ruhini aks ettiradi. Bitiruvchilarimiz Buyuk Britaniyadagi sifatli ta’limning ajoyib namunasi bo‘lib, "Chevening", "Hornby" kabi Buyuk Britaniyaning nufuzli stipendiya dasturlari vakillari sanaladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Study UK Alumni Awards”, “Global Alumni Awards” mukofotlarining talablari va o‘tkazilish muddatlari haqida ma’lumot berildi.
–Ochig‘ini aytganda, anjumanda ishtirok etganimdan juda xursandman. Ishtirokchilarning aksariyati Buyuk Britaniya oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan o‘zbekistonlik yoshlardir. Ular bilan muloqot qildim. Kelgusida ushbu mukofotlarda ishtirok etish uchun imkoniyatimni sinab ko‘rmoqchiman. Tadbirda bu haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldim, –dedi Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti xodimi Mohidil Toshpo‘latova.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA