Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida Islom olamining ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO)ning Islom olami merosi ro‘yxatiga kiritish maqsadida Buxorodagi 7 ta madaniy meros ob’ektining tegishli nomzodnoma hujjatlarini tayyorlab, Islom olami merosi qo‘mitasiga taqdim qilgan edi.
Islom olami merosi qo‘mitasining to‘qqizinchi onlayn majlisida Buxoro 2020 yilda “Islom olami madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi nomidan taqdim etilgan nomzodnoma hujjatlari ko‘rib chiqilib, Buxorodagi 7 ta – Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Bakr, Bahouddin Naqshband majmualari, Mag‘oki Attor masjidi, Poyi-Kalon ansambli, Qadimgi Poykent shahri qoldiqlari va Toshsaroy madrasalari ICESCOning Islom olami merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Onlayn tarzda o‘tkazilgan majlisda shuningdek, Iordaniya (1 ta), Eron (5 ta), Bangladesh (3 ta), Jazoir (1), Iroq (5 ta), Falastin (7 ta), Qatar (3 ta), Kamerun (1 ta), Liviya (16 ta), Misr (3 ta), Marokash (6 ta) davlatlarida joylashgan obidalar ham ushbu ro‘yxatga kiritildi.
Shuningdek, kelajakda ushbu madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish, ularni o‘rganish va xalqaro miqiyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha ICESCO va Islom olami merosi qo‘mitasi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.
Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati.