Buxoro viloyatining Buxoro shahri va Qorovulbozor tumanida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz!” shiori ostida tashkil etilgan ommaviy yugurish musobaqasi Buxoro shahridagi “Sitora” bolalar bog‘i oldidan start oldi. 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 6,5 mingga yaqin ishtirokchilar “Ark” qo‘rg‘onigacha bo‘lgan uch kilometr masofa bo‘ylab g‘oliblik va salomatlik uchun birga yugurdi.


“Shahriston” maydonida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Konsert dasturi bilan boshlangan tadbir harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan davom etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Rayhona Ro‘ziyeva birinchi, Mohigul Haydarova ikkinchi hamda Mehribon Mansurova faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Shoxruz Halimov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Madiyor Aslonov ikkinchi, Shaxzod Jo‘rayev uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, musobaqada “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasida Abubakr Usmonov hamda Nilufar Sharopova, “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi” yo‘nalishida Rahmon Ramazonov va Ra’no Kamolova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Musobaqada imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.





G‘olib va sovrindorga medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar berildi.
Ma’lumot uchun, yurtimizda 2019 yildan boshlab “Xalqaro Toshkent marafoni” hamda 2020 yildan boshlab esa “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Ilk bor tashkil etilgan “Yangi nafas” yugurish musobaqasida viloyatdan 1 ming 600 nafardan ortiq sportsevarlar qatnashgan bo‘lsa, 2022 yilda ularning soni 3 mingtaga yetdi.
Zarif Komilov, O‘zA