Buxorolik yoshlar IT yo‘nalishida yetakchi
Buxoro viloyati hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi, IT Park Buxoro filiali hamkorligida “Kelajak kasblari – Frilanserlik sari ilk qadam” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.–
–Mazkur uchrashuvni tashkil qilinishidan asosiy maqsad kelajak kasbini ya’ni IT sohasini egallashga bel bog‘lagan, Dasturlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan hamda ushbu sohani egallash orqali daromad ko‘rishni mo‘ljallayotgan yoshlarni IT sohasidagi malakali frilanserlar, IT kompaniya asoschilari va tajribali mutaxassislari bilan tanishtirish, jumladan, ushbu kasbni egallashning muhim omillari, uni daromad manbaiga aylantirish hamda sohaning yuqori natijalariga erishishi bo‘yicha tajriba almashish hisoblanadi, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alijon Yaxshiyev. – Uchrashuv IT sohasida yuqori bilim darajasiga ega mutaxassis va tadbirkorlar hamda axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlarning ochiq muloqoti ko‘rinishida tashkil qilindi.

Tajribali IT sohasi vakillari o‘zlarining dasturlash sohasidagi tajribasi va faoliyati bilan tanishtirib, qanday qilib frilanserlik platformalarida ro‘yxatdan o‘tish va buyurtmani olish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda nimalarga e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tdi.
Uchrashuv davomida IT ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi o‘quv markazlari tomonidan viktorina savol javoblariga asosan axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlarga bepul ta’lim olish uchun imtiyozli sertifikatlar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA