Buxorolik yo‘lsozlar “Zakovat”da bellashdi
Buxoro viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tizimida ayni paytda 2000 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi.
Yo‘l xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, bilimlarini oshirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashabbusi bilan korxona-tashkilotlar ishchi-xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi va fevral oyida o‘yinning viloyatlar bo‘yicha hududiy bosqichlari o‘tkazilmoqda.

Buxoro shahridagi “Yoshlar” markazida Buxoro viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tarkibidagi muassasalar ishchi-xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining Buxoro viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur o‘yinda boshqarma tarkibidagi korxonalardan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoada 6 nafardan ishtirokchi bo‘lib, ular mutaxassislar, yo‘lni saqlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlar va oddiy ishchilar hisobidan shakllantirilgan.

Jami 90 nafar ishtirokchi, shundan 16 nafari xotin-qizlar. Ahamiyatli jihati shundaki, o‘yinda mantiqiy, tarixiy, boshqotirma savollar bilan birga, xodimlarning sohaga oid qonunchilikdan qanchalik xabardor ekani ham sinovdan o‘tkazildi.
Bellashuv davomida hududiy bosqich g‘oliblari aniqlandi. Unga ko‘ra, 1-o‘rin “Buxoro mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi “Buxoro Insayt” jamoasiga, 2-o‘rin Kogon tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi “Xumo” jamoasiga, 3-o‘rin Olot tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi “Bunyodkor” jamoasiga nasib etdi. Shuningdek, “Eng yaxshi sardor”, “Mantiqiy savollar bilimdoni”, “Eng kitobsevar zakovatchi”, “Eng tezkor zakovatchi” nominatsiyalari bo‘yicha bilimdonlar taqdirlandi.

G‘oliblarga statuetka, diplom, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Qayd etish lozimki, barcha jamoalardan saralab olingan 6 nafar ishtirokchidan tashkil topgan Buxoro terma jamoasi “Zakovat”ning Respublika bosqichida ishtirok etadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA