Buxorolik xotin-qizlar muammolari bartaraf etilmoqda
Buxoroda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, kasb-hunarli bo‘lishlarida yaqindan yordam berish, joylarda kambag‘allikni qisqartirishda ayollar bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova ishtirok etgan tadbirda oila muhitida turli zo‘ravonlik va kamsitishlarga duch kelayotgan xotin-qizlarni qonuniy himoyalash, oilaviy ajrimlar, qolaversa, jinoyatchilikka barham berish, xotin-qizlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Sohaga daxldor tashkilot va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va oliy ta’lim muassasalari mas’ul rahbarlari, shahar va tumanlar studiyalaridan hokimlar boshchiligida mahallalarda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Shtabi a’zolari, oila va xotin-qizlar bo‘limi mas’ullari qatnashdi.
[gallery-10396]
Yig‘ilishni viloyat hokimi Botir Zaripov olib bordi. Muhokamada Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan muhim vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari bir qator viloyat va hududlar misolida jumladan, Buxoro viloyatida, Vobkent, Shofirkon, Kogon, G‘ijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmaganini tanqid qildi. Albatta, bu boradagi ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan nuqson va kamchiliklarda bevosita xotin-qizlar masalalari alohida o‘rin tutadi. Shu bois muhokamada qator jabhalarda duch kelinayotgan muammolar o‘rtaga tashlangani holda ular yechimiga e’tibor qaratildi. O‘tgan yil viloyat shahar va tumanlarida jami 157 ming 105 ta oila mahallabay o‘rganilgan. Ulardan qariyb 17 mingtasi juda nochor va ijtimoiy muhofazaga muhtojligi aniqlangan. Bu oilalarga sifatli tibbiy xizmat, tibbiy ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini jalb etish bilan birga moddiy ta’minotini barqarorlashtirish taqozo etiladi. Romitan, Kogon, Vobkent, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku tumanlarida xotin-qizlardan tushayotgan murojaatlarni o‘rganish va hal qilish darajasi qoniqarsiz ahvolda. Bandlik, ayollar tadbirkorligi markazlari faoliyati talabga javob bermaydi. Joylarda xotin-qizlar layoqati va talabiga mos taklif qilinayotgan ish o‘rinlari uchun ish haqi miqdori juda pastligicha qolmoqda.
Yakunlangan yilda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish Agentligi, shuningdek, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmalari hamkorligida Buxoro viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazida kasb-hunarga o‘qitilgan 3,5 mingdan ortiq xotin-qizdan faqat yarmigina o‘z daromadli ishini topgan. Mahalla va qishloqlarda issiqxona xo‘jaliklari, tikuvchilik va shunga o‘xshash hunarmandchilik turlari bilan birga, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik tarmoqlarini rivojlantirish va bunda tashabbuskor xotin-qizlarni subsidiya mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlash ishlari ham qoniqarsiz darajada. Shuningdek, 2022 yil davomida viloyatda 1 ming 400 nafardan ziyod ayol huquqbuzarlik sodir etib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 2 ming 500 tadan ziyod oilada ajrim qayd qilingan. Turli darajadagi zo‘ravonlik va tahdidga duch kelayotgan ayollardan 3 mingdan ortig‘i ichki ishlar organlari ijtimoiy muhofaza orderini olgan.
Afsuski, Qorako‘l, Shofirkon, G‘ijduvon tumanlarida, Buxoro va Kogon shaharlarida ayollar ishtirokidagi huquqbuzarlik va jinoyat soni oshgan. 2021–2022 o‘quv yilida viloyatdagi 540 tadan ko‘proq o‘rta umumta’lim dargohini tamomlagan qizlarning 4 mingdan oshig‘i o‘zlari tanlagan mutaxassislik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Ammo bu o‘tgan yili umumiy bitiruvchi qizlarning 40 foizidan ham past ko‘rsatkich. Qorako‘l, Olot, Shofirkon, Vobkent, Kogon, Peshku tumanlarida bu boradagi ko‘rsatkich 25-38 foiz atrofida. Yoki viloyatda oliy ta’lim muassasalarini bitirib chiqqan 2 ming 915 nafar yosh mutaxassis xotin-qizning atigi 348 nafari tahsilni magistratura bosqichida davom ettirmoqda.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etgan Bosh vazirning o‘rinbosari Zulayho Mahkamova viloyatning yirik iqtisodiy–ijtimoiy salohiyati va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlari barobarida har bir shahar va tumanda xotin-qizlar muammolari, ijtimoiy muhofazasi, ta’lim tarbiyasi va moddiy ta’minotiga e’tiborni oshirish, viloyatni namunali hududga aylantirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligini ta’kidladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova xotin-qizlar ijtimoiy muhofazasiga doir o‘rganishlarni Jondor tumanida o‘tkazdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Jondor tumanida 2022 yil mobaynida xorijda ishlab yurtimizga qaytib kelgan 516 nafar xotin-qizlardan qariyb 400 nafarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashilgan. Ayni paytda tumanning 1242 nafar xotin-qizlari vaqtinchalik chet elda mehnat qilmoqda. Xorijda mehnat qilayotgan yurtdosh xotin-qizlarimizni ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, chet eldan qaytganlarga kasbi, malakasi va rejasidan kelib chiqib ish topishiga ko‘maklashish, xususan, qaytgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari bilan “mahalla – mehnat organlari – sektor” tizimi asosida individual ishlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Tuman hokimligida sektor rahbarlari, hamkor tashkilotlar, mahalla mas’ullari va xotin-qizlar faollari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotga chet el mehnat migratsiyasida bo‘lgan xotin-qizlarning oila a’zolari ham taklif qilindi. Muloqot jarayonida migratsiyasidagi bir guruh xotin-qizlar bilan telegram ilovasida videochat orqali bog‘lanib, ularning taklif va muammolari tinglandi. Xorijdan ona Vatanga qaytgan, yurtimizdagi imtiyoz va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, o‘z tadbirkorlik ishini yo‘lga qo‘ygan jondorlik xotin-qizlar tomonidan tashkil etilgan yarmarka ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, “Ayollar daftari” ning 3-bosqichida ishsizlar toifasi ro‘yxatiga kiritilgan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 30 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuvchilik asbob-uskunalari topshirildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA